Nega qizamiqqa chalinish holatlari ko‘paymoqda?
Salomatlik
−
27 aprel 2023
6246Dunyo bo‘ylab pandemiya oqibatida tibbiyot muassasalarining haddan ziyod bosim bilan ishlagani tufayli bolalar yuqumli kasalliklarga qarshi o‘z vaqtida emlanmay qolib ketdi. Natijada esa ko‘pchilik dunyo bolalari orasida qizamiq kasalligi kuzatilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, 2021 yilda jahon bo‘yicha 40 million o‘g‘il-qiz qizamiqning oldini olishga qaratilgan rejali vaksinatsiyadan chetda qolgan. 25 million bola birinchi dozada, 14,7 million nafari esa ikkinchi dozada emlanmagan.
Shu jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi ro‘yxatiga kiruvchi davlatlardan 17 tasida 2023 yil boshidan qizamiqqa chalinish ko‘rsatkichlari o‘sa boshlagan. Jumladan, fevral oyi so‘ngiga kelib, 900 ta shunday holat ro‘yxatga olingan va bu 2022 yildagiga nisbatan sezilarli darajada yuqori.
Shuningdek, o‘tgan yili qizamiqqa chalingan eng ko‘p bemorlar Tojikiston (610 nafar), Turkiya (466 nafar) va Rossiya (414 nafar)da qayd etildi. Avstriya, Serbiya, Buyuk Britaniyada esa joriy yil boshidan kasallanishlar soni ko‘paymoqda. Shundan kelib chiqqan holda JSST ko‘magida aprel oyi oxirida dunyo bo‘ylab jahon immunizatsiya haftaligi o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning Atirau viloyatida uch nafar maktab o‘quvchisi qizamiq bilan kasallanishi oqibatida bemor bolalar o‘qiydigan sinflar onlayn o‘qitishga o‘tkazilgandi.
Nurmuhammad Fayzullayev
LiveBarchasi