Nega IIB xodimlari bog‘cha bolalariga tarbiyaviy soat o‘tdi? Izoh berildi (video)
Jamiyat
−
24 iyul 2023
12537Ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar organi xodimlari bog‘cha bolalariga tarbiyaviy soat o‘tayotgani aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 17 iyul kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari tomonidan tuman Ichki ishlar organi faoliyati muvofiqlashtirish boshqarmasi, mudofaa ishlari bo‘limi hamda “Farhod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi nomiga hamkorlikda “Harbiylar bilan uchrashuv” mavzusida profilaktik tadbir o‘tkazish yuzasidan taklifnoma yuborilgan.
“Profilaktika inspektorlari bog‘cha tarbiyalanuvchilariga vatanga muhabbat, ota-ona qadri va kelajakda Vatanni qo‘riqlaydigan mard o‘g‘lon va qizlar bo‘lib yetishishlari, bog‘chadan notanish fuqarolar bilan ketmasligi, uyini begona shaxslarga ochmaslik haqida suhbat o‘tkazib, o‘zlari bilan olib kelgan kitob va o‘yinchoqlarni bog‘cha tarbiyalanuvchilariga sovg‘a qilishgan”, deyiladi xabarda.
Keltirilishicha, tadbir tafsilotlari aks etgan videolavha guruh tarbiyachisi tarbiyalanuvchilarning ota-onalari uchun ochilgan Telegram guruhga tashlab berilgan. Ammo ayrim ota-onalar tomonidan bu video lavha boshqa guruhlarga tashlanib, odamlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingan.
“Hurmatli, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari! Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasi sizlardan bu kabi tadbirlarni aniq belgilangan dastur va reja asosida bolajonlar uchun qiziqarli o‘tishini ta’minlashni so‘raydi. Bundan tashqari, ta’lim muassasasi hududiga begonalarni kirmasligini ta’minlashingiz lozimligini yana bir bor eslatib o‘tamiz”, deyiladi Toshkent shahar MMTB xabarida.
LiveBarchasi