Nega aynan Xitoy? Atamboyev Qirg‘iziston sirlarini ochdi

Olam

image

Ayni paytda qamoqda bo‘lib turgan Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev mamlakat uchun "qancha ko‘p" ishlar qilgani to‘g‘risida maqola yozdi.  

Xususan, u Rossiya va Xitoyning Qirg‘izistonga bergan beg‘araz yordami to‘g‘risida ta’kidlab o‘tgan. 

Atamboyevni ko‘pincha mamlakat tashqi qarzining keskin o‘sib ketgani uchun tanqid qilishadi. Siyosatchining bu borada javobi shuki, "kreditlar iqtisodiyotni saqlab qolish uchun juda muhim bo‘lgan". 

"Men bunday ekspertlar va tanqidchilarga yaqin o‘tmish haqida yana bir bor eslatib qo‘ymoqchiman. 2010 yil dekabr. Men Bosh vazir etib saylandim. Vaziyat og‘ir. Yong‘inlardan keyin O‘sh va Jalolobodni qayta qurish kerak. Yuzlab oilalar, minglab odamlarning boshida tomi yo‘q.

Mamlakat iqtisodiyoti chuqur inqirozga yuz tutmoqda, chunki energetika inqirozga uchragan. Mamlakat doimiy ravishda elektr energiyasi tanqisligini boshdan kechirardi. Chiroqning kundalik o‘chishi odatiy hol edi. Jadvalga muvofiq, Respublikaning tumanlari va hattoki butun viloyatlari uzoq soat elektrsiz qolardi. Bishkekda elektr quvvati yo‘qligi sababli yangi qurilish muzlatilgan. Mamlakat bo‘ylab turar-joy binolarida uch fazali elektr energiyasi uzib qo‘yilgan. Qishloqlarda dafn marosimi paytida marhumning uyida chiroq bo‘lishi uchun qishloq aholisi elektrchiga pora bergan. Bugun ham shunday yashashni xohlagan bo‘larmidingiz?", deb yozgan Atamboyev. 

Sobiq Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, "Datka" va "Kemin" podstansiyalari va shu nomdagi "Datka-Kemin" elektr uzatish liniyasi qurilishidan oldin Qirg‘iziston To‘xtagul GES tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini ham mustaqil ravishda boshqara olmas edi. 

Bundan tashqari, mamlakat har yili o‘z elektr energiyasini mamlakatning janubidan shimoliga tranzit qilish uchun 10-12 million dollar to‘lagan. 

Prezidentga ko‘ra, "Shimol-Janub" avtoyo‘lini qurish ham zarur bo‘lgan, chunki uning qurilishidan oldin mamlakatning turli chekkalarini faqat bitta yo‘l bog‘lab turar edi va zilzila, qulash yoki terroristik hujum sodir bo‘lgan taqdirda, shimol va janub o‘rtasidagi aloqa yo‘qolardi. 

Atamboyev 2010-2013 yillarda Qirg‘iziston eng qiyin inqiroz davrini boshdan kechirganini ma’lum qilgan.  

"2017 yil may oyida menga taqdim qilingan Prezident ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limining ma’lumotlariga ko‘ra, bosh vazirlik va prezidentlik davrimda umumiy qiymati 2,9 milliard dollar bo‘lgan beg‘araz yordam olish to‘g‘risida shartnomalar imzolangan", deb eslagan Atamboyev. 

Shuningdek, u Rossiya Federatsiyasining Rossiya-Qirg‘iziston rivojlanish jamg‘armasining ustav fondiga qo‘shgan va aslida uni Markaziy Osiyo Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirish uchun xayriya qilgan 500 million dollari haqida yozgan. 

Umuman olganda, sobiq Prezidentning ta’kidlashicha, uning jamoasi mamlakatga xorijiy davlatlar va xalqaro moliya institutlaridan 3,5 milliard dollardan ortiq miqdordagi (beg‘araz, qaytarilmas) yordamni jalb qila olgan. Shuningdek, uning sa’y-harakati bilan yana yarim milliard eski qarzlardan voz kechilgan. 

"Kreditlarni boshqa mamlakatlardan yoki xalqaro moliya tashkilotlaridan olish kerak edi, lekin Xitoydan emas, deganlar uchun shuni eslatib qo‘ymoqchimanki, ulkan qo‘shnimiz energetika va transport mustaqilligiga erishish uchun boshqa mamlakatlar yordam berishdan bosh tortgan, xalqaro moliya tashkilotlari esa kredit ajratishning asosiy sharti elektr energiyasi tariflarini bir necha bor oshirilishini belgilab qo‘ygan bir paytda bizga imtiyozli kreditlar bergan. Xitoy o‘sha og‘ir yillarda doimo bizga yordam bergan. 2013-2017 yillarning o‘zida Xitoy Qirg‘izistonga qariyb 400 million dollarlik grantlar taqdim etgan", deyilgan maqolada. 

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, keyinchalik uning vorisi Jeenbekov Pekin bilan munosabatlarni buzgan. 

Atamboyev o‘z hukmronligi yillarida mamlakatning tashqi qarzi milliard dollarga o‘sganini tan olgan, ammo uning ta’kidlashicha, bir vaqtning o‘zida YAIM ham 2,5 baravar oshgan. 

Siyosatchi mamlakat fuqarolarini tashqi qarzdan qo‘rqmaslik uchun faol ishlashga chaqirgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, har doim iqtisodiy o‘sish mamlakat qarzining o‘sishidan ustun bo‘lishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Bishkek shahrining Pervomayskiy tuman sudi Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevning qamoqqa olish tartibini ikki oyga uzaytirdi.   

O‘tgan yil iyun oyida Qirg‘izistonni 2011 yildan 2017 yilgacha boshqargan Atamboyev “qonundagi o‘g‘ri” Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilishi to‘g‘risidagi ish bo‘yicha korrupsiyada aybdor deb topildi va unga nisbatan 11 yil-u ikki oylik qamoq jazosi tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Xitoy Qirg'iziston

Baholaganlar

1049

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing