Ne’matov o‘qishni ko‘chirishda talabalar duch kelayotgan asosiy muammolarga to‘xtaldi

Jamiyat

image
O‘zbek talabalarining ommaviy qaytarilishiga rasmiy Nur-Sulton bayonot berdi north_east

O‘zbek talabalarining ommaviy qaytarilishiga rasmiy Nur-Sulton bayonot berdi

O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2020 yil 4 fevraldagi 12-son bayoni bilan qo‘shni davlatlar (Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston)dagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga o‘qishini respublikamiz oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirishga ruxsat etilgan edi. Biroq, ayni vaqtda qo‘shni mamlakatlar, xususan Qirg‘iziston va Qozog‘istondan o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish bilan bog‘liq bir qator muammolar ko‘zga tashlanmoqda. Bulardan eng asosiysi, 2019-2020 o‘quv yili uchun to‘langan shartnoma puli bilan bog‘liq. Ya’ni qo‘shni davlatlarda o‘qiyotgan talabalar shartnoma pulini to‘liq to‘lagani bois, o‘qishning qolgan qismini O‘zbekistonda davom ettirayotgani uchun ularga shartnoma pulining qolgan qismi qaytarilmaydi. Talabalar O‘zbekistonga qaytgach, yana qolgan davr uchun shartnoma pulini to‘lashi kerak. Qolaversa, o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar va qo‘shni mamlakatlar o‘rtasida hujjatlarni rasmiylashtirish borasida ko‘plab muammolar yuzaga kelmoqda. Mazkur masala yuzasidan bugun, 14 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matovga yuzlanildi. 

“Aytishim mumkinki, qo‘shni davlatlarda tahsil olayotgan talabalarning o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirilishida mutlaqo siyosiy ma’no yoki siyosiy omil yo‘q. Ancha yillardan buyon farzandlari chet elda tahsil olayotgan ota-onalardan o‘z farzandining o‘qishini O‘zbekistondagi oliygohlarga ko‘chirishga imkon berish haqidagi talablarni eshitib kelamiz. O‘zbekiston OTMlarida kvotalar oz bo‘lib, avvallari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan chet eldagi talabalarga o‘qishni bir marta – yozda ko‘chirishga ruxsat berilardi. Bu yil ota-onalarning talablaridan kelib chiqib, qishda ham o‘qishni ko‘chirishga rozilik berildi”, deydi Ilhom Ne’matov. 

 

Diplomatning aytishicha, ushbu jarayon boshlangandan beri, O‘zbekistonning Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari ushbu masala ustida tinimsiz muzokaralar olib borishmoqda.

“Bu juda og‘ir masala. Masalan, birgina Chimkentning o‘zida bizning 7 ming, 10 mingdan ortiq fuqarolarimiz o‘qiydi. Qozog‘istonda juda ko‘p. Qirg‘iziston va  Tojikistonda ham xuddi shunday. Elchilarimiz bilan har kuni gaplashaman. Ular oliygohlar rektorlari va Oliy ta’lim vazirlari bilan muntazam muzokaralar olib borishyapti. 

O‘qishni ko‘chirish 15 fevralgacha etib belgilangan edi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining qarori bilan 15 martgacha ko‘chirildi”, deb qo‘shimcha qiladi vazirning birinchi o‘rinbosari. 

 

Ta’kidlanishicha, tez vaqtda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vaziri Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston OTMlari rahbarlari bilan uchrashib, muloqot qilishi kutilmoqda.

"Bu yerda turli muammolar bor. Qirg‘iziston va Qozog‘istonda qonunan birinchi semestrni yoki birinchi kursni tamomlamasdan turib, o‘qishni ko‘chirish mumkin emas. Yoki oxirgi kursda ham ko‘chirish mumkinmas. Yana shunlay holatlar borki, talabalar o‘qish boshlanganda shartnoma pulini bir yilga to‘lab qo‘yadi. U yarim yildan keyin o‘qishini ko‘chirsa, pulini qaytarib bermaydi-ku. Shu muammolar ustida hozirgi kunda muzokaralar olib borilmoqda, o‘ylaymanki, mana shu muzokaralar natijasida muammolarning hammasi hal bo‘ladi", deydi Ne’matov. 

 

Ma’lumot o‘rnida, respublikaning barcha hududlarida bittadan oliy ta’lim muassasasida Hududiy ishchi guruhlari tashkil etilgan.

Talabgorlar 2020 yil 15 martga qadar doimiy yashash hududida tashkil etilgan ishchi guruhga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:

•    ariza (joyida to‘ldiriladi);
•    reyting daftarchasi yoki akademik ma’lumotnoma (transkript) nusxasi;
•    pasport nusxasi.

Xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan talabalar o‘qishini respublika oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

O‘qishni ko‘chirishda hech qanday imtihon bo‘lmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Ne'matov o'qishni ko'chirish

Baholaganlar

112

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing