“Nazorat kuchaytirilgan”: Misrdagi o‘zbekistonliklar ogohlantirildi
Jamiyat
−
18 dekabr 4506 2 daqiqa
Misr Arab Respublikasidagi xorijiy fuqarolar ustidan nazorat kuchaytirildi. Buning ortidan O‘zbekiston fuqarolarining ham mahalliy huquq-tartibot organlari tomonidan ushlab turilish holatlari ko‘paygan. O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi ushbu holat ortidan ogohlantirish bilan chiqdi.
“So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston Respublikasining Misr Arab Respublikasidagi elchixonasiga fuqarolarimizning mahalliy huquq-tartibot organlari tomonidan ushlab turilish holati bilan bog‘liq murojaatlar soni ortib bormoqda. Bu holatlar yuzasidan Misr huquqni himoya qilish idoralari bilan muzokaralar olib borilmoqda”, deyiladi elchixona xabarida.
Misr vakolatli organlarining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat poytaxti Qohira va boshqa yirik shaharlarda xorijiy fuqarolar tomonidan migratsiya qonunchiligi hamda jamoat tartib-qoidalariga rioya etilish ustidan nazorat kuchaytirilgan. Xususan, Misr hududida noqonuniy ravishda bo‘lib turgan, amaldagi hujjatlarga ega bo‘lmagan, shuningdek, jamoat tartibini buzgan xorijiy fuqarolarga nisbatan ma’muriy choralar, jumladan, deportatsiya tadbirlari qo‘llanilmoqda.
Shu sababli, salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida Misrda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga quyidagilar qat’iyan tavsiya etiladi:
- mahalliy qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish;
- shaxsni tasdiqlovchi hujjatni (pasport) doimo o‘zi bilan olib yurish;
- Misr hududida bo‘lish uchun amaldagi viza yoki vaqtinchalik/doimiy yashash ruxsatnomasi(iqoma)ga ega bo‘lish;
- tegishli ruxsatnomasiz mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmaslik;
- viza yoki yashash ruxsatnomasining (iqoma) amal qilish muddatini o‘z vaqtida uzaytirish.
Mahkamada ushlab turilgan taqdirda:
- pasport va boshqa shaxsiy hujjatlarni begona shaxslarga bermaslik;
- imkon qadar tezroq O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasiga murojaat qilish (tel: +20233361723, +20233364516).
Shuningdek, fuqarolar Misr hududida bo‘lib turgan davr mobaynida shaxsni tasdiqlovchi hamda mamlakatda qonuniy bo‘lishni tasdiqlovchi hujjatlarni ehtiyotkorlik bilan saqlashi va doimo o‘zi bilan birga olib yurishi zarur.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Misrda o‘zbekistonlik talabalarga nisbatan reydlar o‘tkazilib, hech qanday sababsiz qo‘lga olinayotgani haqida QALAMPIR.UZ’ga murojaat kelib tushgandi. Unda talabalarning hujjatlari joyida bo‘lishiga qaramay, ularni zo‘ravonlik bilan, uylariga bostirib kirib olib ketishayotgani aytilgandi. Keyinroq ularning mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgani sababli ushlab turilgani aniqlangan. Shu bilan birga, 1 nafar o‘zbekistonlikning Misr hududida qonuniy asosda bo‘lib turganini tasdiqlovchi aniq hujjatlari taqdim etilganidan so‘ng vaqtincha saqlash markazidan chiqarilgan.
Live
Barchasi