Nazarboyevning yana bir maqomi olib qo‘yildi
Olam
−
29 iyun 2023
10397Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev bugun, 29 iyun kuni Senat deputatlari yalpi majlisida yana bir maqomidan mahrum qilindi. Bu haqda NUR.KZ sayti xabar berdi.
Majlisda deputatlar prezidentni uning nomidagi maktablar, universitetlar va jamg‘armalar Oliy kengashi rahbari maqomidan mahrum etish to‘g‘risidagi qonunni ikkinchi o‘qishda ma’qulladi.
Senator Talgat Junusovga ko‘ra, bu qonun "Qozog‘iston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kasbiy malaka, davlat mukofotlari, ijtimoiy ta’minot va ta’lim masalalari bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunda belgilangan normaga asoslanadi.
Qonunga ko‘ra, “Nazarboyev universiteti”, “Nazarboyev intellektual maktablari” va “Nazarboyev jamg‘armasi” to‘g‘risidagi qonunga qisman o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘zining birinchi qarorini chiqardi, unga ko‘ra Qozog‘iston Respublikasining “Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi to‘g‘risida”gi qonuni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi. Ko‘p o‘tmay “Nazarboyevni alohida maqomdan mahrum etish to‘g‘risida”gi qaror parlament tomonidan ma’qullandi, keyinroq esa bu qonun prezident Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan imzolandi. Fevral oyi oxirida Moliya vazirligi Nursulton Nazarboyevning idorasini moliyalashtirish bosqichma-bosqich qisqartirilishini aytgan edi. Mart oyi boshida esa Moliya vaziri o‘rinbosari Dauren Temirbekov bu yil sobiq prezident idorasini moliyalashtirish 130 million tengega qisqarishini aytdi.
Sevara Husniddinova
LiveBarchasi