Nazarboyevning oligarx qudasi qamaldi

Olam

image

Ostona jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati qozog‘istonlik tadbirkor Qayrat Boranbayevni mol-mulki musodara qilingan holda 6 yilga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qildi. Hukmni sudya Aysulu Slambekova e’lon qildi. 

Qayrat Boranbayev o‘zganing mol-mulkini va jinoiy yo‘l bilan topgan yirik miqdordagi pullarni o‘zlashtirishda aybdor deb topilgan. U bilan birga “AziyaGazChundja” direktori Roman Naxanov va “Qazaq Gaz” boshqaruvi raisining sobiq o‘rinbosari Tayir Januzak ham sudga tortilgan. 

Sud Naxanovga ham Boranbayev bilan bir xil jazo bergan.  Januzak esa o‘zganing mulkini o‘ta katta miqdorda o‘g‘irlashda aybdor deb topilib, besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Sudlanuvchilarning uchalasi ham Rossiya gazini sotib olishdagi o‘g‘irlikda ayblangan. Tergovga ko‘ra, ular “AziyaGazChundja” va “Qazaq Gaz” o‘rtasida 141,6 mlrd tenge (307 mln dollardan ortiq) qiymatdagi 2,26 mln kub metr rus gazini yetkazib berish bo‘yicha bitim tuzgan. Aslida xuddi shu hajmdagi gazning to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Gazprom Eksport”dan olinadigan narxi 127,1 mlrd tengeni (274,6 mln dollar) tashkil etgan. 

“Boranbayev, Naxanov va Januzak davlat byudjetidan 14,6 mlrd tenge (32 mln dollar)ni o‘zlashtirgan”, deyiladi tergov hujjatlarida.

Prokuror Oljas Xayrullayev suddan Boranbayevni olti yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan. Ostona prokuraturasining tushuntirishicha, Boranbayev va boshqa sudlanuvchilar aybini tan olish to‘g‘risidagi protsessual kelishuvga erishgan.  Unga ko‘ra, sudlanuvchilar o‘zlarining ayblarini tan oladi, Boranbayev va Naxanovlarning mol-mulki musodara qilingan holda 6 yil muddatga, Januzak esa 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinishiga e’tiroz bildirmagan. Ular umrbod davlat xizmati lavozimlarini egallash huquqidan mahrum etildi.

Ushbu jazo miqdori Jinoyat kodeksining 55-moddasi 3-qismi talablaridan kelib chiqib belgilanadi, unga ko‘ra, protsessual kelishuvga erishilgan taqdirda jazoning muddati va miqdori maksimal belgilangan muddatning yarmidan oshmasligi kerak.

Moliyaviy monitoring agentligining xabar berishicha, Boranbayev tergov davomida 90 mlrd tengedan ortiq qiymatdagi mulklarini, jumladan, neft koni, gaz taqsimlash korxonasi, xizmat ko‘rsatish korxonasi, mehmonxona va savdo-ko‘ngilochar majmualari, fitnes markazlari, ofis binolari va boshqa aktivlarini davlatga qaytargan.

Shu bilan birga, Boranbayev Ta’lim infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 30 mlrd tenge o‘tkazgan.

Shuningdek, Boranbayev avvalroq tabiiy gaz olib kirishdagi pullar o‘g‘irlanishi bo‘yicha tergov doirasida 14,5 mlrd tenge miqdoridagi moddiy zararni qoplagan.

Ma’lumot uchun, taniqli qozoq oligarxi, McDonald’s’ning Qozog‘iston, Rossiya va Belarusdagi franshizasi egasi 56 yoshli Qayrat Boranbayev Qozog‘istonning eng boy odamlaridan biri, mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning qudasi hisoblanadi. Boranbayevning qizi Nazarboyevning nabirasi Oysultonga turmushga chiqqan.

2022 yil mart oyi o‘rtalarida Boranbayev hibsga olingan edi. 2023 yil 31 mart kuni Ostona sudi Boranbayev va uning ikkala sherigini ham gaz yetkazib berish vaqtida “Qazaq Gaz” milliy kompaniyasidan yirik miqdordagi mablag‘larni o‘g‘irlaganlikda ayblab, sakkiz yilga o‘rtacha tartibli koloniyaga hukm qilgan. Biroq iyul oyi boshida hukm Ostonadagi jinoiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan bekor qilingan. Avgust oyida Boranbayevning advokati Daniyar Kanafin uning himoyasidagi shaxs aybini tan olgani va yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda qoplash masalasida tergov bilan hamkorlik qilmoqchiligini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Nursulton Nazarboev Ostona Qayrat Boranbaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing