Nazarboyevning kenjasi “g‘oyib bo‘ldi”

Olam

image

Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning kenja qizi Aliya Nazarboyeva kutilmaganda Instagram va Facebook’dagi akkauntlarini o‘chirib tashladi yoki ularga kirishni butunlay cheklab qo‘ydi

Uning sahifalariga kirishga urinayotgan foydalanuvchilar endi “Kontent o‘chirib tashlangan yoki unga kirish cheklab qo‘yilgan bo‘lishi mumkin” va “Siz noto‘g‘ri havoladan foydalangansiz yoki sahifa o‘chirilgan bo‘lishi mumkin” degan xabarlarni ko‘radi. 

Bu Aliya Nazarboyeva Qozog‘istondagi norozilik namoyishlari va tartibsizliklar haqida oiladan birinchi bo‘lib izoh bergani va ommaviy axborot vositalari uning vatanini tark etgani hamda BAAda ekanligiga e’tibor qaratganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan. 

Aliya Nazarboyevaning Dubayga jo‘nab ketgani haqida uning Instagram akkauntidagi ma’lumotlar darak bergandi.

Qozog‘istonning sobiq Prezidentining kenja qizi 41 yoshda. U biznes, ijtimoiy faoliyat, xayriya va kino ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. 2017 yilning noyabr oyidan buyon mamlakatda tashkil etilgan Ekologik tashkilotlar uyushmasi rahbari lavozimini egallab keladi. 

Ma’lumot uchun, 2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshini rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha hech yerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. Uning koronavirusga chalingani va kasallik sabab ta’tilda ekani aytildi.  

Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi. 

Eslatib o‘tamiz, namoyishlar davom etayotgan bir paytda Aliya Nazarboyeva Buyuk Britaniya fuqaroligini olish maqsadida mamlakatdan 300 million dollar olib chiqib ketgan va Londondan uy sotib olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

264

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing