Nazarboyev saltanatiga yakun yoxud “qonli yanvar”dan qolgan dog‘lar

Tahlil

image

2022 yil 1 yanvaridan Qozog‘istonda gaz tariflarining ko‘tarilishi ortidan aholi o‘rtasida turli darajadagi noroziliklar boshlandi va tobora kuchaya bordi. Voqealar shu darajaga yetdiki, yakunda ushbu harakatlar rangli inqilob, davlat to‘ntarishiga urinish sifatida baholandi. Postsovet mamlakatlari hisolanmish Markaziy Osiyo davlatlarida bunday holatlar yangilik hisoblanmaydi, 1992-97 yillarda Tojikistondagi fuqarolar urushi, 2005 yilda Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan “Lola inqilobi” va O‘zbekistonda yuz bergan “Andijon voqealari” kabi hodisalar mintaqadagi barqarorlik havas qilarli darajada emasligini ko‘rsatadi. Biroq, ijtimoiy-siyosiy hayoti nisbatan barqaror deb qaraladigan Qozog‘istonda bunday ko‘lamdagi norozilik harakatlarining sodir etilishi jamoatchilikni hayratsiz qoldirmadi. Quyida aynan ushbu hodisaning eng muhim voqealarini ko‘rib chiqamiz.

“Qonli yanvar” debochasi

Norozilik harakatlari dastlab 2 yanvar kuni yuz berdi, shu kuni Janaozen shahridagi avtomobil egalari gaz quyish shoxobchalarida gaz narxining ikki barobarga, 60 tengedan 120 tengega ko‘tarilishi ortidan ommaviy mitingga chiqdi. Ko‘chaga chiqqan aholi o‘z noroziligini bildirish maqsadida yo‘llarni to‘sib qo‘ya boshladi. Keyinroq ularga neftchilar ham qo‘shildi. Namoyishlar Atirau, Olma-Ota, Nur-Sulton, Qarag‘anda, Uralsk, Taldiqo‘rg‘on, Qizilo‘rda va Chimkent shaharlarida ham ro‘y berdi, 4 yanvar kuni esa butun respublika hududlari bo‘ylab yoyildi.

4 yanvardan boshlab namoyishchilar Olmaota shahrida ommaviy tartibsizlik boshladi. Ular politsiya avtomobillariga o‘t qo‘ydi, davlat idoralari binolariga zarar yetkazdi va moradyorlik kabilarni sodir etdi. Shahar ma’muriyati nazoratni yo‘qotdi, namoyishga chiqqanlar “Olg‘a, Qozog‘iston!”, “Chol, ket!” kabi hayqiriqlar bilan harakat qila boshladi. Kechga borib shaharga harbiy texnikalar kirishi haqida xabarlar tarqaldi, mobil internet o‘chirib qo‘yildi.  Shu kuni poytaxt Nur-Sultonda ham namoyishlar avjiga chiqdi, politsiya yuzlab namoyishchilarni qo‘lga oldi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev shu kungi videomurojaatida “hokimiyat qulamasligi”ni ma’lum qildi. 

5 yanvar kunining birinchi yarmida ayrim hududlarda – Mang‘istau, Olmaota viloyatlari va Nur-Sulton shahrida, kechga borib esa barcha hududlarda 2 haftalik favqulodda holat e’lon qilindi. “Kazaxtelekom” butun respublika bo‘ylab internetni uzib qo‘ydi, oqibatda naqd pul yechish uchun bankomatlar oldida ommaviy navbatlar yuzaga kela boshladi. Asosiy tartibsizliklar sodir bo‘layotgan Olmaota shahrida 3000 ga yaqin namoyishchilar hokimiyat binosini egallab oldi. Keyinroq prezidentning shahardagi rezidensiyasi, kechga borib esa aeroport ham namoyishchilar tomonidan ishg‘ol qilindi. Shu kuni Qozog‘iston Davlat Xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Karim Masimov o‘z lavozimidan bo‘shatildi, keyinroq esa davlat to‘ntarishiga aloqadorlikda ayblanib, qamoqqa olindi.

Tartibsizliklar kuchaygan sari namoyishchilarning talabi ham qat’iylashib, ko‘payib bordi. Vaziyatdan kelib chiqib hukumat aholi foydasiga turli iqtisodiy imtiyoz va yengilliklar joriy etsa-da (bu paytga kelib gazning bir litri uchun narx 120 tengedan 50 tengegacha tushirilgandi), namoyishchilar harakatdan to‘xtamadi, endi ular siyosiy o‘zgarishlarni talab qila boshladi. Asosiy talablar birinchi Prezident, Elboshi – Nursulton Nazarboyev va uning qarindoshlarining hokimiyatdan uzoqlashtirilishi bilan bog‘liq edi. Prezident To‘qayev Davlat Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini egallab turgan Nazarboyevni iste’foga chiqardi va undan qolgan vakolatlarni o‘z zimmasiga oldi. Sobiq prezidentning ushbu lavozimda umrbod qolishi kutilayotgan edi.

Buning ortidan Nazarboyevning mamlakatni tark etishni rejalashtirgani haqidagi xabarlar tarqala boshladi. Olmaota viloyati Toldiqo‘rg‘on shahrida Nazarboyevga o‘rnatilgan haykal namoyishchilar tomonidan ag‘darib tashlandi. Keyinchalik rahbariyat tomonidan ham asta-sekin Nazarboyev va uning qarindoshlarini “kuchsizlantirish” ishlari davom etdi. 

Avj palla va KXSHT

5 yanvar kuni kechga borib To‘qayev Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, yanayam to‘g‘riroq aytsak, Putindan mamlakat ichida tinchlik o‘rnatishda harbiy yordam so‘radi, ijobiy mazmundagi javob ham tezda qaytarildi. KXSHT kengashi 6 yanvarga o‘tar kechasi tinchlikparvar kuchlarning Qozog‘istonga yuborilishiga rozilik bildirdi. Bu qaror ortidan bir qator siyosiy faollarning Rossiyaning Qozog‘iston ichki ishlariga aralashuviga nisbatan noroziligi vujudga keldi, hatto Bishkekda shu norozolikni ifodalash hamda Qirg‘iziston askarlarini Qozog‘istonga yuborishga qarshi aksiya ham o‘tkazildi.

6 yanvar kuni ham asosiy voqealar Olmaota shahrida yuz berdi. Tunda namoyishchilar shahar ma’muriyati binolariga hujumlar uyushtirdi, jumladan 7 yanvarga o‘tar kechasi qurollangan shaxslar Qozog‘iston Chegara xizmati akademiyasiga hujum qildi. Xavfsizlik kuchlari tartibsizlik ishtirokchilari o‘rtasida qattiq to‘qnashuvlar yuz berdi, tongda namoyishchilar tomonida o‘nlab ishtirokchilar halok bo‘lgani, xavfsizlik tashkilotlari esa 13 nafar xodimini yo‘qotgani haqida xabar berildi. Kunning ikkinchi yarimida shahar bo‘ylab ikki mingga yaqin namoyishchi qo‘lga olindi.

7 yanvar tonggi yig‘ilishda To‘qayev butun mamlakat bo‘ylab tartib o‘rnatish boshlanishini e’lon qildi. Prezident shuni ham qo‘shimcha qildiki, “tozalash” ishlari jangarilar bitta ham qoldirmay yo‘q qilingunigacha davom etadi. Olmaota shahrida xalq “drujinachilari” tuzila boshlandi, To‘qayev shu kungi hisobotida Olmaota shahriga yigirma mingga yaqin “terrorchi” bostirib kirganini xabar qildi. Fransiyadagi siyosiy qochqin, “Qozog‘iston demokratik tanlovi” harakati yetakchisi Muxtor Ablyazov “Reuters”ga bergan intervyusida o‘zini mamlakatdagi oppozitsionistlar yetakchisi, deb hisoblashini aytdi, shuningdek, G‘arbni Rossiyaning vaziyatdan o‘z siyosiy maqsadlari yo‘lida foydalanishiga qarshilik ko‘rsatishga chaqirdi.

8 yanvar kuni Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi norozilik namoyishlari vaqtida 4266 nafar shaxs hibsga olingani, ular ichida chet el fuqarolari ham borligini ma’lum qildi. Ushbu kundan boshlab namoyishlar fonida Germaniya Qozog‘istonga qurollar eksportini to‘xtatdi. Bundan tashqari, shu kuni Prezident To‘qayev 10 yanvarni milliy motam kuni deb e’lon qildi.

9 yanvar kuni qozoq milliy telekanali hisoblanmish “Qazaqstan” kanalida namoyishlarda qatnashgan shaxslarga 90 ming tengedan pul va’da qilgan shaxsning qo‘lga olingani xabar qilindi, keyinchalik ushbu shaxs taniqli qirg‘iz musiqachisi Vikram Ruzaxunov ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu holat ham jamoatchilikning, ham qo‘shni Qirg‘izistonning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi, buning oqibatida esa ertasi kuni musiqachi ozod qilindi.

10 yanvar kungi asosiy voqea shuki, KXSHTning va’da qilingan yordami yetib keldi. 2030 nafar a’zodan iborat harbiy kuchlarning 1480 nafari Rossiya tomonidan, 200 nafari Tojikistondan, Belarus va Armaniston tomonlaridan 100 nafardan, Qirg‘izistondan esa 150 nafar askar jo‘natildi.

So‘nggi kunlar

13 yanvar kuni Nur-Sulton, Oqto‘be, Chimkent va boshqa ko‘plab shaharlarda terroristik xavfning “qizil” darajasi bekor qilindi, Olmaota shahri, Olmaota va Jambil viloyatlarida esa saqlab qolindi. Ushbu kunda shuningdek, KXSHTning Qozog‘istondagi operatsiyalari yakunlangani e’lon qilingani munosabati bilan harbiy kuchlar Olmaota aeroporti orqali ortga qaytdi.

15 yanvar holatiga ko‘ra, yaradorlar soni 4353 nafarga yetdi, shundan 3393 nafarini xavfsizlik xizmati xodimlari tashkil etdi. 238 nafar shaxs, shu jumladan 19 nafar politsiya va boshqa harbiy xodimlar halok bo‘lgani xabar qilindi.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining 10 yanvardagi hisobotida  7939 nafar namoyishchilar qo‘lga olingan. Yakunda mamlakat sudlarida 2048 ta ish ko‘rib chiqilgan, bulardan 494 tasi jinoiy ishlar bo‘lib, 44 tasi terrorchilik akti, 34 tasi ommaviy tartibsizlik va 15 tamt odam o‘ldirilishi bilan bog‘liq.

Mamlakatdagi xususiy biznesga yetkazilgan zarar 14 yanvar holatiga ko‘ra $218 mlnni tashkil etdi, shundan $213 mlni Olmaota shahriga to‘g‘ri keldi. Biroq To‘qayevning Yevrokengash vakili Sharl Mishel bilan suhbatida umumiy zarar 2-3 mlrd AQSH dollarigacha yetishi  mumkinligi ma’lum qilindi.

Nazarboyevlar va ularning tarafdorlariga “hujum”

To‘ntarish sifatida baholangan ushbu harakatlarning ta’siri kutilgandanda ortiq bo‘ldi. Faqatgina birinchi Prezident Nursulton Nazarboyev bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha davlat miqiyosidagi masalalar qayta ko‘rib chiqildi. Vaqt o‘tib uning Elboshi maqomi bekor qilindi, poytaxt nomi Nur-Sultondan Ostonaga qayta o‘zgartirildi, davlat bayrami sifatida nishonlanadigan Nazarboyev kuni ham kalendardan o‘chirildi. 

Bundan tashqari, birinchi prezident bilan qarindoshligi bor bir qancha shaxslar iste’foga chiqarildi yoki hokimiyat va davlat iqtisodiyotidan uzoqlashtirildi. Jumladan, 15 yanvar kuni Nazarboyevning kuyovlari bo‘lmish Dimash Dosanov va Qayrat Sharipboyevlarning mos ravishda o‘zlari egallab turgan “KazTransOil” va “QazaqGaz”dagi boshqaruvdagi vakolatlari tugatildi. Yana bir kuyov Timur Quliboyev ham 17 yanvar kuni “Atemeken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi rahbari lavozimidan chetlashtirildi(“Forbes” ma’lumotlariga ko‘ra Timur va Dinara Quliboyevlar Qozog‘istonning eng boy kishilari ro‘yxatiga kiritilgan). 

Dastlabki kunlarda birinchi prezidentning jiyani Samat Abishning hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi ammo, biroz o‘tib ushbu xabarlar rad etildi. So‘ngra u 17 yanvar kuni Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari lavozimidan iste’foga chiqarildi. Keyinroq Samat Abish namoyishlarda qatnashgan radikal jangarilarni tayyorlash bilan bog‘liq tergov ishlariga guvoh sifatida jalb qilingan.

Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi, deputatlikdan Senat raisigacha ko‘tarilgan, otasining hokimiyatdagi vorisi sifatida ko‘rib kelinadigan Darig‘a Nazarboyeva 25 fevralga kelib mamlakat Majlisi (parlament quyi palatasi) deputatligidan ketishini e’lon qildi. Shundan so‘ng u hech bir lavozimga tayinlanmadi. Biroq yaqinda ma’lum bo‘lishicha shu yilning 10 yanvar kuni o‘tkaziladigan parlament saylovlarida amaldagi hukmron “Nur-Otan” partiyasidan deputatlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan. 

Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyevning oila a’zolariga tegishli mulklar namoyishlardan so‘ng alohida mavzuga aylandi. Jumladan, Darig‘a Nazarboyevaning Londondagi Sherlok Xolms “yashagan” uylarga egalik qilishi aytildi. Ushbu kvartiralarning umumiy qiymati taxminan 140 million funt sterlingga baholangan. Bundan tashqari Nazarboyevaga tegishli bo‘lgan, $100 millionga baholangan ikkita hashamatli hovli va kvartira musodara qilinishi mumkinligi ham xabar qilingandi. Birinchi Perzidentning ham o‘ziga aloqador fondlar orqali juda katta mablag‘larni o‘zlashtirgani, mulklarining umumiy qiymati $8 milliard atrofida ekanligi turli xalqaro nashrlarda yozildi. Turli bizneslar, $189 millionlik mehmonxona, $100 millionlik qimmatbaho samolyot shular jumlasidan.

Nazarboyevning o‘rtancha qizi Dinara va uning turmush o‘rtog‘i Timur Quliboyevning Germaniyada 100 million yevroga baholangan mulklari borligi aytiladi. Kenja qiz Aliya Nazarboyevaning esa chet elda qiymati 300 million dollar atrofidagi mulklarga egalik qilishi ma’lum qilingan.

Qozog‘istondagi “qonli yanvar” voqealari ayjiga chiqqan mahalda Nazarboyev va uning oilasi birdan ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Nazarboyev Davlat xavfsizlik kengashi raisi lavozimini To‘qayevga topshirish uchun videomurojaat qilganini hisobga olmasak, u o‘sha vaqtlar mutlaq sukut saqladi. Keyinroq, mavjud hokimiyatni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini aytib chiqdi. Bu orada u ham, qizlari ham allaqachon juftakni rostlagani haqida gaplar tarqaldi. Xususan, Aliya Nazarboyevaning Instagram sahifasida joylashtirgan postlaridagi manzil ko‘rsatuvchi dastur uning Dubayda ekanini tasdiqlagan. Uning qayerdaligi fosh bo‘lgach, Aliya xonim ijtimoiy tarmoqdagi sahifasini o‘chirib yubordi. 

Nazarboyevning ko‘p yillik qadrdoni, MXQning sobiq raisi Karim Masimovga nisbatan jinoyat ishi ochilgach, uning mulklarida tintuv o‘tkazildi. Tintuv davomida  Masimovga tegishli, Ostona markazidagi mehmon uyida $17,2 million naqd pul, shuningdek, qimmatbaho soatlar, tilla yombilar va boshqa noyob buyumlar olib qo‘yilgan. Bundan tashqari, undan 11 ta qimmatbaho mashinalar ham musodara qilingan. Sobiq raisning yaqinlaridan ham $5,1 million pul olib qo‘yilgani xabar qilindi.

Namoyishlar amaldagi Prezident obro‘siga ham jiddiy zarar yetkazdi, tartibsizliklar  vaqtida To‘qayevning KXSHTga yordam so‘rab yuzlangani ichki va tashqi jamoatchilik tomonidan salbiy qabul qilindi. Belarus Respublikasida oldinroq yuz bergan voqealar va Rossiyaning ushbu vaziyatdagi faolligi ortidan To‘qayevning aynan rul boshqaruvi Rossiyada bo‘lgan tashkilotga yuzlanishini ko‘pchilik qoraladi. Shunday bo‘lsa-da, “yanvar voqealari”dan so‘ng Qozog‘istonda jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, To‘qayevning 30 yillik oilaviy salnatini qurgan Nazarboyevga qarshi “urush” ochishi, uni va oilasini hukumatdan butkul chetlatishi odamlar ko‘z o‘ngida yana To‘qayevning qadrini nisbatan oshirdi. Sentyabr oyida poytaxtga Ostona nomi qaytarildi, shu bilan birga prezidentlik muddatini bir martalik 7 yilga o‘zgartirish belgilandi. Davlat mulklari bilan bog‘liq masalalar qattiq nazoratga olindi. So‘nggi 16 yil ichida parlament saylovlari o‘z vaqtida o‘tkazilmoqda. 1 sentyabr kuni prezident o‘z murojaatnomasida ayrim namoyishchilar uchun amnistiya e’lon qilinishini aytib o‘tdi, Qozog‘iston Bosh prokuraturasi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, huquqbuzarlarning 1500 nafariga amnistiya e’lon qilingan.

Bosh prokuror Berik Asilov yaqinda qonli voqealarga avvaldan puxta tayyorgarlik ko‘rilgani, shuningdek bu ishni tashkillashtirishda xavfsizlik tashkilotlari bosh bo‘lganini qayd etdi. Ushbu ishga aloqadorlikda gumon qilingan DHQning sobiq raisi Karim Masimov va uning o‘rinbosari Anvar Sodiqulov ustidan davlatga xiyonat, hokimiyatni egallashga urinish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish bo‘yicha sud ishlari davom etayotgani ham qo‘shimcha qilindi. Bundan tashqari, tartibsizliklar bo‘yicha o‘tkazilayotgan tergov-surishtiruv ishlariga 11 nafar o‘zbekistonlik ham jalb etilgani ma’lum qilindi.

Javohir Ergashev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Nazarboev qonli yanvar

Baholaganlar

1

Reyting

2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing