Nazarboyev Mirziyoyev va uning oilasini Navro‘z bilan tabrikladi

Jamiyat

image

Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Navro‘z bayrami bilan tabriklab, maktub yo‘lladi. Boshqa davlat va Hukumat rahbarlaridan farqli o‘laroq, Nazarboyev o‘z xatida Mirziyoyevning oila a’zolarini ham bayram bilan tabriklagan. 

“Hurmatli Shavkat Miromonovich! Sizni buyuk Navro‘z bayrami bilan chin dildan tabriklayman.

Navro‘z – eng qadimiy qadriyatlardan. Xalqlarimiz qalbini ezgulikka to‘ldiruvchi, ularga farovonlik va shodlik keltiruvchi ushbu bayram birodarlik va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlasin. Ma’naviy mushtaraklik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga asoslangan Qozog‘iston-O‘zbekiston munosabatlarining uyg‘unligini yuqori baholar ekanman, ikki tomonlama strategik sherikligimizning izchil rivojlanishi mamlakatlarimizni katta muvaffaqiyatlarga eltadi, deb ishonaman.

Ushbu shukuhli damlarda, hurmatli Shavkat Miromonovich,  Sizga va oilangiz a’zolariga mustahkam sog‘lik va farovonlik, birodar O‘zbekiston xalqiga esa ravnaq va baxt-saodat tilayman”, deb yozadi Nursulton Nazarboyev. 

Qayd etilishicha, bahor, tabiat uyg‘onishi va yangilanish ramzi bo‘lgan Navro‘z bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli davlat va jamoat arboblaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. Ularda O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari izhor etilgan.  

Xorijiy hamkorlar o‘z qutlovlarida Yangi O‘zbekistondagi mamlakatni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan islohot va yangilanishlarda erishilayotgan katta yutuq va muvaffaqiyatlarni, davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzi izchil mustahkamlanib borayotganini alohida qayd etgan.

Mirziyoyevga Nursulton Nazarboyevdan tashqari, AQSH Prezidenti Jozef Bayden, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhamedov, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum, Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos, Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, Ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon, Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bag‘dod Amreyev, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husrav Noziriy va boshqalar tabrik yo‘llagan.


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev

Baholaganlar

74

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing