Nazarboyev xalqni To‘qayev atrofida birlashtirish va Qozog‘iston yaxlitligini saqlashga ishontirmoqda
Olam
−
25 noyabr 2020
5471Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi, “Nur Otan” partiyasi siyosiy kengashi raisi Nursulton Nazarboyev mamlakat yaxlitligini saqlash, xalqni o‘z “vorisi” – Prezident Qosim-Jomart To‘qayev atrofida birlashtirish va davlatni yanada rivojlantirish yo‘lida mehnat qilishga ishontirmoqda. Bu haqda u bugun, 25 noyabr kuni “Nur Otan” partiyasining navbatdan tashqari XX s’ezdida gapirgan. Yig‘ilishda mamlakat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev va Bosh vazir Asqar Mamin ham ishtirok etgan.
Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti yubiley s’ezdidagi nutqida "Nur Otan" partiyasi bugungi kunda mamlakatning asosiy siyosiy kuchi ekanini aytgan.
Mamlakatni 29 yil davomida boshqargan sobiq davlat rahbari – "Nur Otan" partiyasi raisi mustaqillik yillarida mamlakat taraqqiyotining asosiy yutuqlari haqida to‘xtaldi.
“Avvalo, bozor iqtisodiyoti va mamlakatni modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan tub islohotlarni amalga oshirish natijasida Qozog‘iston 30 yil davomida sezilarli ijtimoiy va iqtisodiy yutuqlarga erishdi. Bozor islohotlari, sanoatni rivojlantirish va xorijiy sarmoyalar oqimi samaradorlikning o‘sish dvigateliga aylandi va iqtisodiy o‘sishni ta’minladi. Ish bilan ta’minlanish darajasini sezilarli oshirdi va jamiyatdagi ijtimoiy tabaqalanishni pasaytirdi”, deydi Elboshi.
Nursulton Nazarboyev mustaqillik yillarida Qozog‘iston o‘zining o‘ziga xos milliy birlik standartini yaratib, etnik xilma-xillikni ustunlikka aylantirganini ta’kidladi.
“Bizning moliyaviy “xavfsizlik kamarimiz” iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari davrida yaratilgan Milliy jamg‘arma bo‘ldi. 1400 ta yangi shifoxona va poliklinika, 1800 ta maktab va 900 ta bolalar bog‘chalarini qurish orqali ijtimoiy infratuzilmani yangiladik. Qabul qilingan "Qozog‘iston – 2050" strategiyasi doirasida biz maqsadga muvofiq ravishda rivojlangan Iqtisodiy taraqqiyot va rivojlanish tashkilotlari mamlakatlari standartlariga o‘tmoqdamiz”, deydi Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti.
Elboshi pandemiya davrida partiya ishi va "Nur Otan"ning yangilanish jarayoni haqida batafsil ma’lumot berdi.
“Partiyamiz barcha mintaqalarda boshqaruv tajribasi va jiddiy inson resurslariga ega bo‘lgan eng yirik siyosiy kuchdir. Sifat jihatidan “Nur Otan” butun qozoq jamiyatining proyeksiyasidir. Shuning uchun biz mamlakat va butun Qozog‘iston xalqi ravnaqi yo‘lida ishlashni davom ettirishga qat’iy qaror qilganmiz”, deydi Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti.
Nursulton Nazarboyev partiyaga doimiy ravishda rahbarlik qilib kelgani, bundan keyin ham quyidagi uchta asosiy prinsipga amal qilishini ta’kidladi: mas’uliyat, jamoaning birligi, umumiy g‘oyalar va maqsadlarga sodiqlik.
Nazarboyev partiyaning islohotlarni o‘tkazish tajribasi va barcha rejalarni amalga oshirish uchun siyosiy irodasi borligini ta’kidladi. Yig‘ilishda partiyaning yangi dasturi taqdim etildi.
“Partiyaning yangi dasturi amalga oshiriladi. Bu mamlakatni yanada modernizatsiya qilishni va barcha qozog‘istonliklarning turmush sifatini yaxshilashni ta’minlaydi. Saylov kampaniyasini muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun partiya Respublika va mintaqaviy shtablarning muvofiqlashtirilgan ishini tashkil qilishi kerak. Nomzodlar, faollar, ishonchli vakillar barcha viloyatlarga tashrif buyurib, har bir saylovchiga murojaat qilishlari kerak”, deydi Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti.
Respublika saylovoldi shtabi rahbari sifatida Nursulton Nazarboyev partiya raisining birinchi o‘rinbosari Bauirjan Baybekning nomzodini ilgari surdi.
Xulosa qilib, partiya raisi mamlakat mustaqilligi va yaxlitligini saqlash, xalqni Prezident Qosim-Jomart To‘qayev atrofida birlashtirish, davlatni yanada rivojlantirish uchun faoliyatini davom ettirishiga ishontirdi.
S’ezd yakunlari bo‘yicha “O‘zgarishlar yo‘li: har kimga munosib hayot” partiyasining saylovoldi dasturi qabul qilindi, shuningdek, 126 partiya a’zolaridan iborat Parlament Majlisiga saylovlar bo‘yicha partiyalar ro‘yxati tasdiqlandi.
Ma’lumot o‘rnida, Nursulton Nazarboyev raisligidagi “Nur Otan” partiyasiga 1999 yilda asos solingan. 2005 yilning 9 sentyabr kuni partiya lideri va davlat rahbari Nursulton Nazarboyev ishtirokida “Nur Otan” partiyasining VIII qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Birinchi marta qurultoyda Nazarboyev nomzodi "Nur Otan" partiyasidan Qozog‘iston prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatildi va "Prezidentlikka nomzod Nursulton Abishevich Nazarboyevni qo‘llab-quvvatlovchi Qozog‘iston Xalq koalitsiyasi" saylov blokini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
LiveBarchasi