Nazarboyev Qozog‘istonni bo‘lishga urinishganini aytib berdi
Olam
−
16 dekabr 2020
20644Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev 90-yillarda mamlakat sharqida bir guruh odamlar Ust-Kamengorsk hokimiyatini egallab olishga uringanini aytib berdi. Bu haqda “Tengrinews.kz” xabar berdi.
Nursulton Nazarboyev qozog‘istonliklarni mustaqillikka qanday sharoitda erishilganini eslashga chaqirdi, bu oson kechmaganini esladi.
“Qaysi etnik guruh ko‘proq, “keling o‘zimiznikini tashkil qilamiz”, deyishdi. Shunday bo‘lgan. Bu alohida juda xavfli masala. Rossiyadan kelgan tashviqotchilar ham bor edi: “Hududingiz bilan bu tarafga o‘ting”, deyishardi. Bularning bari juda qiyin sharoitda yuz berdi, ammo barcha masalalarni hal qilishga erishdik.
Masalan, Ust-Kamengorskda bir guruh odamlar hokimiyatni egallab olishga va Sharqiy Qozog‘istonni Oltoy Respublikasi deb e’lon qilishga qaror qilishdi. Vaqtida bilib, bu odamlarni ushladik va jazoladik. Albatta, urush, ammo biz bunga yo‘l qo‘yolmas edik, Qurolli kuchlarni jalb qilishga to‘g‘ri keldi”, degan Nursulton Nazarboyev hujjatli filmga bergan intervyusida.
Birinchi Prezident Qozog‘iston mustaqilligi e’lon qilinishi va o‘sha vaqtdagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tgan.
“Biz haqiqatan barcha respublikalardan keyin (mustaqillik – tahr.) e’lon qildik. Amalda biz mustaqil edik, chunki qolgan barcha mustaqil edi. Rossiyaning o‘zi 1990 yil 12 iyunda mustaqillik e’lon qildi. Sovet Ittifoqi 1991 yil oxirida parchalandi, Rossiya o‘zini mustaqil deb e’lon qildi. Kimdan? Rossiya SSSRdagi eng yirik davlat edi, barcha uning atrofida jamlanardi. Rossiya signal berdi, barcha e’lon qildi. Shunday qilib, biz urush, janjallarsiz yolg‘iz, mustaqil bo‘lib qoldik. Men shunday davlatning rahbari bo‘lib qoldim”, degan Nazarboyev.
Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti mamlakat nisbatan murakkab ahvolda bo‘lganini ta’kidlagan. U mustaqillik e’lon qilish emas, davlatni saqlab qolish eng muhimi ekanini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 16 dekabr kuni Qozog‘iston o‘z mustaqilligining 29 yilligini nishonlayapti.