Navoiydagi oltin koni salkam 70 mlrd so‘mga sotildi
Jamiyat
−
19 avgust 15906 2 daqiqa
Kecha, 18 avgust kuni Navoiy viloyatining Nurota tumanida joylashgan “Temirchi” oltin koni auksionda 67 mlrd 780 mln 777 ming so‘mga sotildi. Bu haqda E-auksion platformasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Temirchi”ning boshlang‘ich bahosi 4 mlrd 120 mln 412 ming so‘mni tashkil etgan. “Zauris” MCHJ boshlang‘ich bahodan qariyb 16,5 baravar yuqori narx – 67 mlrd 780 mln 777 ming so‘m taklif qilib, konni sotib olgan. Auksion 12 soat davom etib, bu vaqt oralig‘ida jami 309 ta taklif berilgan.

Yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Zauris” joriy yilning iyul oyida Toshkentda tashkil etilgan. Asosiy faoliyat turi – rangli metall rudalarini qazib olish. Kompaniyaning ta’sischisi va rahbari Feruza Fayziyeva bo‘lib, u 10 million so‘m ustav kapitalining 100 foiziga egalik qiladi.
Bundan tashqari, Fayziyeva 2020 yildan moliyaviy aktivlarni boshqarish bozorida faoliyat yuritib kelayotgan Marex Financial kompaniyasining 70 foizlik ulushiga ega hamkor hisoblanadi. Kompaniyaning ikkinchi ta’sischisi Marat Qurbongeldiyev bo‘lib, unga 30 foiz ulush tegishli. Shuningdek, u 2023 yilda asos solingan Marex Com kompaniyasiga ham egalik qiladi. Mazkur firmalarning ustav kapitali mos ravishda 18,33 million va 1 million so‘mni tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, “Temirchi” oltin koni Zafarobod qishlog‘idan 26,7 km shimoli-g‘arbda va Navoiy shahridan 35 km shimolda joylashgan. Uning maydoni 249 gektar bo‘lib, lot hujjatlariga ko‘ra, kon zaxirasi 6 tonna oltinni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi 100 gektar maydonda 20 tonna oltin zaxirasi aniqlangani, tabiatga zarar yetkazmasdan yopiq usulda oltinni qazib olishga 100-150 million dollar pul tikaman degan talabgorlar ko‘pligi va ushbu konni auksionga chiqarish zarurligi aytilgan edi.
Live
Barchasi