Navoiydagi 2 ta yog‘-moy korxonasiga ish qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
17 Oktabr
3816Navoiy viloyatida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolari orqali sotuvchi yog‘-moy korxonalari tomonidan ushbu turdagi mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yilishi va birja savdolarida narxlarni sun’iy oshirishga urinilgani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Jumladan, viloyatdagi “Forever-service” va “Karmana Moy Invest” MCHJlarning paxta yog‘i, paxta shroti va paxta sheluxasi mahsulotlarini birja savdolari orqali sotish faoliyati yuzasidan o‘rganish o‘tkazilganda, “Forever-service” MCHJ tomonidan jami 2 milliard so‘mdan ortiq, xususan 101,52 tonna paxta yog‘i, 191 tonna paxta shroti va 126,2 tonna paxta sheluxasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotilgani aniqlangan. Oqibatda yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolarida shakllangan o‘rtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda, jami 55 million so‘mdan ortiq tafovut yuzaga kelgan.
Shuningdek, “Karmana Moy Invest” MCHJ tomonidan jami 1,1 milliard so‘mdan ortiq jumladan, 8 holatda 163,7 tonna paxta sheluxasi va 6 holatda 148,7 tonna paxta shroti to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotilishi ortidan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolarida shakllangan o‘rtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda jami 54 million so‘mdan ortiq farq aniqlangan.
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan yog‘-moy korxonalariga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llangan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-430-sonli qaroriga asosan monopol bo‘lmagan va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan yoki davlat ulushi mavjud bo‘lmagan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan paxta texnik chigiti, paxta moyi (shu jumladan, ekstraksiya paxta moyi), qayta ishlangan chigit chiqindilari (shrot, sheluxa) mahsulotlarini ichki bozorda faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq iste’molchilardan 900 million so‘mga yaqin pullarni asossiz olgan tibbiyot muassasalari aniqlangandi. Tibbiy texnika jihozlarini qiyoslovdan o‘tkazmagan ushbu tibbiyot muassasalariga 44 mingdan ortiq iste’molchilardan asossiz olingan pul mablag‘larni qaytarish yuzasidan ko‘rsatma berilgandi.
LiveBarchasi