Navoiyda yo‘l-patrul inspektorining o‘limi ortidan jinoyat ishi ochildi
3-sahifa
−
20 yanvar
9712Avvalroq, Navoiy viloyatining Navoiy shahrida yo‘l-patrul xizmati inspektori xizmat olib borayotgan vaqtida mashina urib ketishi oqibatida vafot etgani haqida xabar bergan edik. Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) va 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, YHXB xodimining o‘limiga olib kelgan ushbu YTH kecha, 19 yanvar kuni tungi soat 1:45 da sodir bo‘lgan. Yo‘l-patrul xizmati inspektori Navoiy shahrining Islom Karimov ko‘chasida olib borayotgan xizmati vaqtida davlat raqamisiz, yo‘l harakati qoidalarini buzib harakatlangan Kia Sonet mashinasining haydovchisiga to‘xtash ishorasini qilgan. Haydovchi esa ishoraga bo‘ysunmasdan yo‘l harakati qoidasini buzgan holda qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan hamda inspektorni urib yuborgan. So‘ngra voqea joyidan qochib ketgan. Yo‘l-patrul xizmati inspektori esa voqea joyida vafot etgan. Mashina boshqaruvida Navoiy shahridagi 8-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi, 2008 yilda tug‘ilgan S.M. bo‘lgan. Bolaning otasiga tegishli bo‘lgan ushbu avtomobil olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida yashirib qo‘yilgan joyidan topilgan va jarima maydoniga joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatida 9-sinf o‘quvchisi ijaraga olingan mashinada yo‘l-transport hodisasi sodir etgandi.
LiveBarchasi