Navoiyda Gentra urib ketgan 11-sinf o‘quvchisi komaga tushib qoldi (video)
3-sahifa
−
14 may 8914 2 daqiqa
Navoiy shahrida mashinasida 11-sinf o‘quvchini urib, hodisa joyidan qochib ketgan shaxs qo‘lga olindi. Hozirda o‘smir shifoxonada koma holatida yotibdi. Bu haqda viloyat Yo‘l-harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu holat joriy yilning 8 may kuni tungi soat 12:18 atrofida sodir bo‘lgan. Navoiy shahar “Binokor” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan Sadridin Ayniy va Abdulla Avloniy ko‘chalari kesishgan chorrahada 1996 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Gentra rusumli transport vositasi chorrahadan chap tomonga burilayotgan vaqtida o‘ziga nisbatan qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan velosipedchini urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan va unga hech qanday tibbiy yordam ko‘rsatmasdan tashlab ketgan. Oqibatda 2007 yilda tug‘ilgan 11-sinf o‘quvchisi hayoti uchun xavfli bo‘lgan jarohatlar olgan. Yo‘l-patrul xizmati inspektori Abror Ahadov fuqarolik kiyimida xizmatdan uyga qaytayotgan vaqtida voqeaga guvoh bo‘lgan va jabrlanuvchini zudlik bilan shifoxonaga olib ketgan. Ayni vaqtda velosiped boshqaruvchisi shifoxonaning jonlantirish bo‘limida koma holatida hushsiz yotibdi.
Bildirilishicha, mazkur yo‘l-transport holati bo‘yicha Navoiy shahar Ichki ishlar boshqarmasi navbatchilik qismiga tushgan xabar yuzasidan tezkor tergov guruhi hodisa joyiga chiqib, ko‘zdan kechirish jarayonlarini amalga oshirgan. Ushbu YTH ilgari 2 marta transport vositalarini tegishli hujjatlarsiz boshqargan 1996 yilda tug‘ilgan A. ning ehtiyotsizligi oqibatida sodir etilgani aniqlangan. Navoiy shahar Ichki ishlar boshqarmasi texnika xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruvlar davomida hodisa joyidan unga tegishli bo‘lgan avtomashina aniqlanib, fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Navoiy shahar ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda va bu ishlarda qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Bekobod shahrida Damas piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan erkakni avval urib, keyin bosib ketgandi. Ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida piyoda tan jarohati olib, Bekobod shahar markaziy shifoxonasiga yetkazilgan. Holat yuzasidan Bekobod shahar IIB tomonidan surishtiruv ishlari boshlangan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr