Navoiyda fuqarodan mingdan ortiq o‘q topildi
3-sahifa
−
21 fevral 4449 1 daqiqa
Navoiy viloyatining Konimex tumanida 1100 dona kalibrli otish uchun yaroqli bo‘lgan patronlarni noqonuniy saqlab kelayotgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘qotar qurollarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida Konimex tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi shaxsga tegishli Onix rusumli avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilgan.
Natijada avtomashina yukxonasida 500 dona 5,6 mm kalibrli otish uchun yaroqli bo‘lgan patronlar borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadonidan ham noqonuniy saqlanayotgan 600 dona 5,6 mm kalibrli patronlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 248-moddasi (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida 22 dona o‘q-dorini 1300 dollarga sotishga uringan 24 yoshli shaxs qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi