Navoiyda baliq ovlagan shaxs tabiatga 1,2 mlrd so‘m zarar yetkazdi
3-sahifa
−
27 may
6491Navoiy viloyatining Konimex tumanida noqonuniy ravishda 218 bosh baliq ovlab, tabiatga 1 mlrd 240 mln so‘m zarar yetkazgan shaxs aniqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Tumanning “Sho‘rko‘l” MFY hududidagi reyd davomida fuqaro Y.O. tomonidan 5000 metrlik sintetik to‘r yordamida tabiiy suv havzasi hududida 218 bosh baliq noqonuniy ovlanganligi aniqlangan. Oqibatda tabiatga 1 milliard 240 million 300 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish) 4-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Bildirilishicha, yetkazilgan zararni undirish va tegishli chora ko‘rish maqsadida to‘plangan hujjatlar sud organlariga yuborilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 8 iyuldagi “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi 627-sonli Qonuniga asosan, 10 martdan boshlab respublikaning barcha hududlaridagi tabiiy suv havzalarida baliq ovlash taqiqlangan. Baliqlarning urug‘ qo‘yish mavsumi davomida Amudaryo va Sirdaryo suv havzalarida 10 martdan 31 mayga qadar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati suv havzalarida 25 apreldan 10 iyunga qadar va boshqa barcha suv havzalarida 16 apreldan 31 mayga qadar baliq ovlash mumkin emas.
LiveBarchasi