Navoiyda 8 yashar qizni bosib ketgan haydovchilar qamoqqa olindi
3-sahifa
−
08 iyul
9029Avvalroq, Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yuqori tezlikdagi BYD Song Plus Champion mashinasi bosib ketgan 8 yoshli qiz halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Mazkur holat ortidan 2 nafar haydovchi qamoqqa olindi. Bu haqda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1 iyul kuni fuqaro N.A. BYD Song avtomobilini boshqarib borayotib o‘ziga tanish bo‘lmagan fuqaro F.A. boshqaruvidagi BYD Song avtomobili bilan o‘zaro quvishishgan. Yo‘lning tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyiga yetishganida uni kesib o‘tayotgan piyoda – 8 yoshli Sh.Sh.ni, dastlab, fuqaro N.A. boshqaruvidagi avtomobil turtib, so‘ngra F.A.ga tegishli avtomobil bosib o‘tgan.
YHXXning qo‘shimcha qilishicha, voqea sodir bo‘lgan kundan oldin qizni onasi M.Sh. tumanning Yangirabod mahallasida yashovchi bobosinikiga olib kelib, o‘zi Toshkent shahriga ishlash uchun ketgan. Bobo hamda buvi 14 yoshli o‘g‘liga qizaloqni istirohat bog‘iga sayrga olib borib kelishiga ruxsat bergan.
Holatga ko‘ra, bola avval o‘zi piyodalar o‘tish joyidan o‘tgan va biroz ortda qolgan, hali o‘tishga ulgurmagan qizni chaqirgan. Qiz transport vositalarining harakatiga e’tibor bermasdan, piyodalar o‘tish joyiga yugurib chiqqan va ko‘ngilsiz hodisa sodir bo‘lgan.
Oqibatda 2-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qiz tan jarohatlari sababli hodisa joyida vafot etgan. O‘sha kuni holat yuzasidan haydovchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular 4 iyul kuni ushlanib, 5 iyulda qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ta’kidlanishicha, haydovchi N.A. so‘nggi bir yil davomida 12 marotaba tezlikni oshirish, 1 marotaba yo‘l chizig‘i talablariga rioya qilmaslik qoidabuzarliklarini sodir etgan. Haydovchi F.A. esa so‘nggi bir yil davomida bir marotaba transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga topshirish qoidabuzarligini sodir etgan.
“Halokat sodir bo‘lgan tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilgan va yo‘l yotiq chiziqlari chizilgan. Yo‘l qoplamasi o‘sha vaqtda quruq holatda, kunning yorug‘ vaqti bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Mazkur piyodalar o‘tish joyida tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan tugmali svetofor qurilmasini o‘rnatish dasturga 2024 yil I chorak yakuniga qadar kiritilgan. Biroq mablag‘ ajratilmagani sababli hozirgacha o‘rnatilmagan.
Muassasa direktori nomiga Navoiy viloyati YHXB tomonidan 2024 yilda 2 marotaba tugmali svetofor o‘rnatish yuzasidan taqdimnomalar kiritilgan. Taqdimnoma talablari bajarilmagani uchun Xatirchi tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 196-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.