Navoiy viloyati to‘liq eksportga yo‘naltirilgan erkin iqtisodiy zonaga aylantirildi
Jamiyat
−
16 may 2019
5023O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 15 may kuni “Navoiy viloyatini innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi. Farmonning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
farmoni
Biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, innovatsion tadbirkorlik va yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish, shuningdek, Navoiy viloyati hududida mineral xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlarni tashkil etish maqsadida:
1. Navoiy viloyati hududi keyinchalik belgilangan tartibda muddatini uzaytirish imkoniyati bilan 2030 yil 1 yanvarga qadar innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona etib belgilansin.
2. Belgilansinki:
Navoiy viloyatining hududiy chegaralari ichida innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha investitsiya dasturlarini amalga oshirayotgan korxonalarga, hududda mavjud bo‘lgan yoki yengil barpo etiladigan infratuzilmalarda ishlab chiqarishlarni ixcham joylashtirgan holda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi (keyingi o‘rinlarda – “Navoiy” EIZ) ishtirokchisi maqomi beriladi;
o‘z zimmasiga olgan investitsiya majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, “Navoiy” EIZ ishtirokchilari bilan investitsiya bitimlarni bekor qilish, to‘xtatib turish va ularni “Navoiy” EIZ ishtirokchisi maqomidan mahrum etish faqatgina sud tartibida amalga oshiriladi.
3. Navoiy viloyatidagi Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashiga innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlar sifatidagi yangidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini hamda “Navoiy” EIZ direksiyasining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lganda, ularga “Navoiy” EIZ ishtirokchisi maqomini taqdim etishni mustaqil ravishda belgilash huquqi berilsin.
4. Navoiy viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda Navoiy viloyatidagi Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalar ma’muriy kengashi bilan birgalikda bir oy muddatda innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlarni belgilash, shuningdek, “Navoiy” EIZ ishtirokchisi maqomini berish uchun innovatsiya loyihalarini tanlab olish hamda uning qatnashchilarini ro‘yxatga olishning soddalashtirilgan tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Erkin iqtisodiy zona sifatida Navoiy viloyatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
innovatsion faoliyatni rivojlantirish, shuningdek, ilg‘or tajribani joriy etish hamda yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishlarni tashkil etish;
yuqori qo‘shilgan qiymatga ega eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni barpo etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish;
Navoiy viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanishni ta’minlash;
kimyo mahsulotlari va zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish, tabiiy toshlarni qayta ishlash hamda mahalliy xom ashyo va materiallar negizida sanoatning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha klasterlar yaratish;
qimmatbaho toshlar va metallarni qayta ishlash sohasida yangi zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish, shuningdek, zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasiga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish;
viloyat korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish orqali yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishlarni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;
viloyatning, birinchi navbatda tuman markazlari va yirik aholi punktlarining transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, viloyat hududida yirik logistika markazini tashkil etish;
hudud iqtisodiyotining ixtisoslashgan kadrlarga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojidan kelib chiqib yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash.
6. Navoiy viloyati hududida innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona tashkil etish bo‘yicha komissiya tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin, unga Navoiy viloyatini kompleks rivojlantirish hamda uning hududida innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish mas’uliyati yuklansin.
7. “Navoiy” EIZ ishtirokchisi maqomini olgan Navoiy viloyatidagi korxonalar:
yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan mulk solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun belgilangan yagona soliq to‘lovidan;
bo‘shab qoladigan mablag‘larni yangi korxonalarni tashkil etish, shuningdek, mavjud ishlab chiqarishlarni modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish va texnik, texnologik qayta jihozlash, kengaytirish, ishlab chiqarish binolarini qurish, o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun zarur xom ashyo va materiallar xarid qilishga maqsadli yo‘naltirgan holda o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan uskunalar, xom ashyo, materiallar hamda butlovchi buyumlar, mahsulot eksport qilinganda vujudga keladigan qo‘shilgan qiymat solig‘ining manfiy summasi qaytarilmasligi huquqi bilan bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari);
respublikada ishlab chiqarilmaydigan hamda belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida olib kiriladigan qurilish materiallari bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.
Belgilansinki, mazkur bandda ko‘rsatilgan, bojxona imtiyozlari qo‘llanilgan holda olib kirilgan uskunalar, xom ashyo, materiallar va butlovchi buyumlar ularni olib kirilgan kundan boshlab uch yil mobaynida realizatsiya qilinadigan yoki bepul o‘zgaga topshiriladigan holatlarda, bojxona to‘lovlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘liq hajmda undirib olinadi.
8. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:
a) ushbu Farmonning 7-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar kiritilgan investitsiyalarning hajmiga qarab 3 yildan 10 yil muddatgacha, shu jumladan, ekvivalenti:
300 ming AQSH dollaridan 3 million AQSH dollarigacha hajmdagi investitsiyalar – 3 yil muddatga;
3 million AQSH dollaridan 5 million AQSH dollarigacha hajmdagi investitsiyalar – 5 yil muddatga;
5 million AQSH dollaridan 10 million AQSH dollarigacha hajmdagi investitsiyalar – 7 yil muddatga;
10 million AQSH dollari va undan ko‘p hajmdagi investitsiyalar keyingi 5 yil davomida daromad solig‘i va yagona soliq to‘lovining amaldagi stavkalarini 50 foiz hajmda qo‘llangan holda – 10 yil muddatga beriladi;
b) “Navoiy” EIZ ishtirokchisi maqomini olgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga eksport va import qilinadigan tovarlar uchun haq to‘lash va hisob-kitoblarning o‘zi uchun qulay shart va shakllaridan foydalanishiga ruxsat etiladi;
v) “Navoiy” EIZ ishtirokchisi maqomini olgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan soliq to‘lovchining holatini yomonlashtiradigan O‘zbekiston Respublikasining soliq qonunchiligi hujjatlari qo‘llanilmaydi, aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarga soliq solishni tartibga soluvchi hujjatlar bundan mustasno;
g) 2019 yil 1 iyundan boshlab xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning ta’sischilari – “Navoiy” EIZ qatnashchilari va ularning oila a’zolariga respublika hududidan chiqmasdan uzaytirish imkoniyati bilan, amal qilish muddati uch yilgacha bo‘lgan “investitsiya vizasi” beriladi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasini “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” aksiyadorlik jamiyatiga (keyingi o‘rinlarda – “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ) aylantirsin;
“Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ tuzilmasida Eksportni qo‘llab-quvvatlash markazini tashkil qilsin hamda “Navoiy” EIZ qatnashchilariga maslahat, vositachilik xizmatlarini ko‘rsatish, ularning O‘zbekiston Respublikasi va xorijdagi ko‘rgazma va ishbilarmonlik tadbirlarida ishtirokini tashkil qilish, ishtirokchining buyurtmasiga ko‘ra tijorat asosida marketing tadqiqotlarini o‘tkazish orqali ularga mahsulotlar eksportida ko‘maklashish Markazning asosiy vazifasi va faoliyat yo‘nalishi etib belgilansin.
10. “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ erkin iqtisodiy zonalar faoliyatining butun davrida soliqlar to‘lashdan ozod etilsin.
11. Belgilab qo‘yilsinki:
“Navoiy” EIZ direksiyasi” AJning dastlabki ustav kapitali qayta tashkil etilayotgan “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” DUKning mulklari hisobiga shakllantiriladi;
“Navoiy” EIZ hududida joylashgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga xizmat ko‘rsatish “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ buyurtmanomalariga binoan vazirliklar va idoralarning tegishli hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi;
“Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” DUKning huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha vorisi hisoblanadi;
“Navoiy” EIZ direksiyasi” AJning ustav kapitalida davlat nomidan aksiyadorlik funksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan amalga oshiriladi;
“Navoiy” EIZ hududida binolar qurish “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ tomonidan o‘z mablag‘lari va/yoki xususiy investorlar mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi mumkin hamda keyinchalik ushbu bino va inshootlar tadbirkorlik sub’ektlariga uzoq muddatli ijaraga yoki sotib olish uchun taqdim etiladi;
“Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida Navoiy viloyati hududida joylashgan davlat ixtiyoridagi ko‘chmas mulk ob’ektlarini boshqaradi hamda Navoiy viloyatidagi Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashi bilan kelishgan holda Navoiy viloyati hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun umumiy maydoni 5000 metr kvadratdan ko‘p bo‘lmagan, foydalanilmayotgan davlat mulki ob’ektlarini (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 iyundagi “Davlat mulki ob’ektlarini sotish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3067-son qarorining 1 va 2-ilovalarida ko‘rsatilgan ob’ektlardan tashqari) “Navoiy” EIZ ishtirokchilariga taqdim etadi;
“Navoiy” EIZ ishtirokchilari uchun barcha, shu jumladan, litsenziyalash va ruxsatnomalar olish bo‘yicha davlat xizmatlari “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ va/yoki O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan “yagona darcha” tamoyili asosida taqdim etiladi.
12. Quyidagilar “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
EIZ ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun bir martalik to‘lovlar;
tasarrufida va boshqaruvida bo‘lgan yer uchastkalari, binolar va inshootlarni ijaraga berishdan tushgan tushumlar;
“Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, shu jumladan, marketing, konsalting, logistika, mehmonxona, ta’lim va kadrlar bilan bog‘liq xizmatlarni realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar;
maqsadli byudjet ajratmalari;
xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablag‘lari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
13. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ bilan birgalikda:
a) belgilangan tartibda “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJning tuzilmasi tasdiqlanishi, ta’sis hujjatlari, emissiya risolasining ro‘yxatdan o‘tkazilishi, shuningdek, uning organlari, shu jumladan, yangi tashkil etilayotgan Eksportni qo‘llab-quvvatlash markazini inobatga olgan holda shakllantirilishini;
b) ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda:
“Navoiy” EIZ hududida yangi korxonalarni joylashtirish bo‘yicha “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ bilan ishtirokchilar o‘rtasida tuziladigan namunaviy investitsiya kelishuvi;
“Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ tomonidan “Navoiy” EIZ ishtirokchilariga xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha namunaviy shartnoma ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlasin.
14. “Navoiy” EIZning ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda har yili O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini kelgusi yil uchun shakllantirishda “Navoiy” EIZning transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun markazlashtirilgan moliyalashtirish manbalari hisobidan kapital qo‘yilmalar limitlarini nazarda tutsin.
16. Navoiy viloyati hokimligi:
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyunga qadar investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida Navoiy viloyatidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan foydalanilmayotgan yer uchastkalari, foydalanilmayotgan va bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlarini xatlovdan o‘tkazsin;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Energetika vazirligi, Transport vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 sentyabrga qadar Navoiy viloyatidagi har bir tuman markazlari, yirik aholi punktlarining transport tizimi va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
a) 2019-2021 yillarda Navoiy viloyatida innovatsion faoliyatni rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) 2019-2020 yillarda Navoiy viloyati hududida amalga oshirilishi taklif etilayotgan innovatsion va yuqori texnologiyali loyihalar ro‘yxatini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi bilan birgalikda Navoiy viloyatida Innovatsion texnologiyalarni joriy etish markazi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin, quyidagilar ushbu markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
xalqaro darajada patentlash imkoniyatiga ega bo‘lgan ilmiy hajmdor va ilg‘or texnologiyali ishlanmalarni yaratish, yangi innovatsion mahsulotlarning namunalarini modellashtirish, maketlashtirish, tayyorlashda ishtirok etish va zamonaviy laboratoriya uskunalaridan foydalangan holda ularni sinovdan o‘tkazish;
yuqori texnologiyali innovatsion ishlab chiqarishlarni tashkil qilish uchun yangi istiqbolli g‘oyalar va innovatsion ilmiy hajmdor ishlanmalarni shakllantirish hamda ilmiy faoliyat natijalarini ishlab chiqarishga tatbiq etish;
hududda innovatsion ekotizim, shu jumladan, biznes akseleratorlar, startaplar va kichik innovatsion korxonalarni tashkil etish;
hamkorlikda ilmiy tadqiqotlarni bajarish uchun akademik, oliy ta’lim va tarmoq fanlari bilan samarali hamkorlikni ta’minlash.
18. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
“Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ buyurtmanomalariga binoan “Navoiy” EIZ ishtirokchilari bo‘lgan korxonalarning xorijiy xodimlariga hamda ularning oila a’zolariga kirish, shu jumladan, ko‘p martalik vizalarni konsullik va boshqa yig‘imlarni undirmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirishni ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda salohiyatli xorijiy investorlarni jalb qilish uchun yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar, hududning va mavjud mineral-xom ashyo resurslar salohiyatini xalqaro ishbilarmon doiralarda doimiy ravishda keng yoritilishini (taqdimotini) ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda mazkur Farmonning mohiyati va maqsadlarini xorijiy hamkorlar va investorlarga yetkazish chora-tadbirlarini ko‘rsin.
19. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJning buyurtmanomalariga binoan “Navoiy” EIZ ishtirokchilari bo‘lgan korxonalarning xorijiy xodimlariga hamda ularning oila a’zolariga davlat bojini undirmasdan vaqtinchalik turar joyi bo‘yicha propiska qilish va uzaytirishni ta’minlasin.
20. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda erkin iqtisodiy zonalar hududida loyihalarni shakllantirish va amalga oshirishning barcha jihatlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatning ishlab chiqilishini yakunlasin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
erkin iqtisodiy zonalarning ixtisoslashuvini, investitsiya loyihalarini tanlashning aniq mezonlarini belgilash;
investorlarni jalb qilish uchun erkin iqtisodiy zonalarni muhandislik-transport infratuzilmasi, ijtimoiy-maishiy va madaniy-jamoat ob’ektlari bilan ta’minlagan holda zarur sharoitlar yaratish mexanizmlarini;
erkin iqtisodiy zonalarni boshqarish tizimini, shu jumladan, direksiyalar faoliyatini tashkil etishning yagona standartlarini belgilash, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ro‘yxatini kengaytirish hamda erkin iqtisodiy zonalar direksiyalarini tadbirkorlik sub’ektlarining ishonchli boshqaruviga, shu jumladan, xorijiy kompaniyalarga topshirish orqali takomillashtirish.
21. Adliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda ikki oy muddatda “Navoiy” EIZ” hududida ish yuritishda ingliz tilidan foydalanib, ingliz standartlari, tamoyillari va normalari asosida “Navoiy” EIZ” ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishni nazarda tutuvchi alohida huquqiy rejim o‘rnatish bo‘yicha takliflar kiritsin.
22. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ikki oy muddatda Navoiy viloyatida sanoat, injiniring, texnologiyalar va IT dasturlashning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan xorijiy oliy o‘quv yurti filialini tashkil qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
23. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va O‘zbekiston Respublikasining boshqa tijorat banklari bilan birgalikda ikki oy muddatda “Navoiy” EIZ hududida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining 1 milliard AQSH dollaridan kam bo‘lmagan hajmdagi kredit liniyalarini bosqichma-bosqich jalb qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
24. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
25. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
26. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019 yil 15 may
LiveBarchasi