Navoiy shahri hududi Karmana hisobiga kengayadi
Jamiyat
−
21 iyun 2019
5844Bugun, 21 iyun kuni Oliy Majlis Senatining yigirmanchi Yalpi majlisi bo‘lib o‘tyapti. Senatorlar majlisda Navoiy shahri va Karmana tumani chegaralarini o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqdi.
Bu masala birinchi navbatda hududlarning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Jumladan, Karmana tumanidan ajratilayotgan hududda qariyb 7 ming kishi istiqomat qiladi.
Qayd etilishicha, Navoiy shahri hududining cheklanganligi zarur hajmda qurilish loyihalarini amalga oshirish imkonini bermaydi. Shu sababli ko‘p qavatli uylar, sport inshootlari va ijtimoiy ob’ektlar maydoni 144 gektardan ortiq Karmana tumani hududining bir qismida qurilmoqda. Biroq bu shahar kommunikatsiyalariga ulanish imkoniyatini qiyinlashtirmoqda. Shu munosabat bilan Karmana tumani “Varq” va “Yoshlik” MFYlarining 1 097,58 ga yerini Navoiy shahri tarkibiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Senatorlar fikrlari tinglangach, Senat raisi Tanzila Norboyeva masalani ovozga qo‘ydi. Majlisda ishtirok etayotgan 83 nafar senatorning 77 nafari masalani qo‘llab-quvvatladi, 6 nafari ovoz bermaslikni ma’qul ko‘rdi.
LiveBarchasi