“Navbahor” ustozi iste’foga chiqarildi
Sport
−
25 Sentabr 2025 6888 2 daqiqa
O‘zbekiston Superligasi 22-turidagi “Buxoro” klubiga qarshi yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan so‘ng “Navbahor” jamoasi rahbariyati bosh murabbiy Sergey Lushanni lavozimidan ozod qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
52 yoshli mutaxassis 2024 yilning yozida Samvel Babayanning iste’fosidan so‘ng “Navbahor” klubi bosh murabbiyi sifatida tayinlangan. Shundan so‘ng, Namangan klubi bilan O‘zbekiston kubogi final bosqichiga chiqib, finalda “Andijon”ga imkoniyatni boy bergan.
"Biz Sergey Ivanovichga “Navbahor”dagi faoliyati uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildirgan holda, keyingi faoliyatida omad yor bo‘lishini tilaymiz”, deyiladi klub xabarida.
Qayd etish joiz, Sergey Lushan Buxoroda uchralgan yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan so‘ng o‘z futbolchilaridan norozi ekanini va ayrim futbolchilarning harakatlari shubhali tuyilgani haqida gapirgan.
Uning boshqaruvida “lochinlar” Superligada 35 ta o‘yin o‘tkazib, 16 ta g‘alaba, 9 ta durang, 10 ta mag‘lubiyat, O‘zbekiston kubogi doirasidagi bahslarda esa 8 ta uchrashuvda maydonga tushib, 5 ta g‘alaba (ikkitasi penaltilar seriyasi bo‘yicha), 1 ta durang hamda 2 ta mag‘lubiyatni qayd etgan. Ayni paytda “Navbahor” O‘zbekiston Superligasida 22 o‘yinda 33 ochko to‘plagan holda turnir jadvalida 7-o‘rinda bormoqda.
Ma’lumot uchun, Sergey Lushan murabbiy sifatida 2011 yilda “Bunyodkor” o‘rinbosarlar jamoasida faoliyatini boshlagan bo‘lsa, shundan so‘ng O‘zbekiston U-19, “Bunyodkor”, “So‘g‘diyona”, “Dinamo”, “Samarqand”, Belorusning “Shaxtyor” va “Shaxtyor-2” jamoalariga ustozlik qilgan.
Live
Barchasi