Navalniyning o‘limi bo‘yicha surishtiruv tez orada yakunlanadi

Olam

image

Rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyning koloniyada o‘lgani bo‘yicha surishtiruv bir oy ichida yakunlanishi kerak. Bu haqda kecha, 1 mart kuni “Bellingcat” internet portali rahbari, bolgariyalik tadqiqotchi jurnalist Xristo Grozev “Dojd” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu safar boshqa ko‘plab tadqiqotchi jurnalistlar “Bellingcat” bilan Korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro jamg‘armasi direktorlar kengashi rahbari Mariya Pevchix koordinatsiyasida ishlamoqda. 

"Biz haqiqatni aniq bilib olamiz va bu surishtiruv avvalgidek uzoq davom etmaydi", deb ishontirdi Grozev.

U Rossiya maxsus xizmatlari tergov uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni yo‘q qilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tergov guruhi hozir tekshirayotgan aniq versiyalarni aytmagan, biroq Navalniy yana zaharlangan bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmagan.

Shuningdek, Grozev Navalniy vafot etgan paytda Rossiya, AQSH va Germaniya o‘rtasida siyosatchini sobiq chechen dala qo‘mondoni Zelimxon Xanqoshvilini  o‘ldirganlikda ayblanib, Germaniyada umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan rossiyalik razvedka xodimi Vadim Krasikovga almashtirish bo‘yicha norasmiy muzokaralar olib borilganini tasdiqladi. Grozevning aytishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bu taklifdan xabardor bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 16 fevral kuni Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi Xarp qishlog‘ida joylashgan 3-sonli “Qutb bo‘risi” axloq tuzatish koloniyasida vafot etgan Aleksey Navalniyning dafn marosimi kecha, 1 mart kuni Moskvadagi Borisov qabristonida bo‘lib o‘tgandi.  


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Aleksey Naval'niy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing