Navalniyni G‘arbga almashishga rozi bo‘lgandim – Putin

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin muxolifatchi Aleksey Navalniyning o‘limi haqidagi xabar kelishidan bir necha kun oldin uni G‘arbga almashishga rozi bo‘lganini aytdi. Bu haqda u bugun, 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘z ochdi. 

“Janob Navalniyga kelsak. Ha, u vafot etdi. Bu qayg‘uli voqea. Bizda odamlar qamoqda o‘lgan boshqa holatlar ham bo‘lgan, ammo bu AQSHda sodir bo‘lmaganmi? Bu bir necha marta sodir bo‘lgan”, deydi mamlakat Prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Navalniyning o‘limidan oldin Putinga uni G‘arb davlatlarida qamoqda o‘tirgan ba’zi odamlarga almashtirish g‘oyasini bildirishgan.

“Janob Navalniyning o‘limidan bir necha kun oldin ba’zi hamkasblarim menga uni G‘arb davlatlarida qamoqda o‘tirgan ba’zi odamlarga almashtirish g‘oyasi borligini aytishdi. Siz menga ishonishingiz yoki ishonmasligingiz mumkin. Men bilan bu haqda gaplashgan odam hali gapini tugatmasidan rozi bo‘ldim. Faqat bitta shart bilan – biz u qaytmasligi uchun uni almashamiz, yaxshisi o‘sha yoqda o‘tirsin. Ammo bo‘ladigan ish bo‘ldi, bunga qarshi hech narsa qila olmaymiz”, deydi Vladimir Putin Navalniyning o‘limi haqida. 

Davlat rahbarining jurnalistlar bilan suhbatidan so‘ng, Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putinning Aleksey Navalniyni almashishga rozi bo‘lgani uning ochiqligini ko‘rsatishini aytdi.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchining bevasi Yuliya Navalnaya Rossiyaga kelib, turmush o‘rtog‘ini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lgan, biroq u xorijda qolishni “afzal ko‘rgan”.

Qayd etish joiz, bu Putin Navalniyning qamoqxonadagi o‘limi yuzasidan ilk bor izoh berishi va omma oldida uning familiyasini ilk bor ochiq aytishi bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 fevral kuni Rossiya hukumati muxolifatchi Aleksey Navalniy qamoqda vafot etganini e’lon qildi. Navalniyning jasadi vafot etganidan to‘qqiz kun o‘tib, 24 fevralda onasi Lyudmila Navalnayaga topshirildi. Uning o‘limidan so‘ng bir qator dunyo siyosatchilari, jumladan AQSH Prezidenti Jo Bayden ham Navalniyning o‘limi uchun Putinni aybladi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Aleksey Naval'niy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing