Navalniyga yana 9 yil qamoq “ilindi”

Olam

image

Bugun, 22 mart kuni Moskvaning Lefortovo sudi rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyni firibgarlik va sudga hurmatsizlik qilgani uchun to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum qildi va 1,2 million rubl (11,4 ming dollar) miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Qayd etilishicha, sudya Margarita Kotova uni adolatga hurmatsizlik (Jinoyat kodeksining 297-moddasi 1, 2-qismlari) va to‘rtta o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik (Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi) bo‘yicha aybdor deb topgan. Navalniy esa o‘z aybini tan olmagan. U jazoni qattiq tartibdagi koloniyada o‘taydi.

Prokuror uni ikki yilga ozodlikdan mahrum qilish va 1,2 million rubl miqdorida jarima bilan 13 yilga qamashni so‘ragan. Jarayon Vladimir viloyati Pokrov shahridagi 2-sonli axloq tuzatish koloniyasida sayyor rejimda bo‘lib o‘tgan. U yerda Navalniy “Iv Roshe” ishi bo‘yicha jazoni o‘tamoqda.

Ma’lumot uchun, Navalniyga nisbatan firibgarlik ishi 2020 yilning oxirida ochilgan. Tergov qo‘mitasining ma’lum qilishicha, Navalniy turli fondlarga, jumladan Korrupsiyaga qarshi kurashish fondiga o‘tkazilgan 588 million rublning 356 millionini shaxsiy maqsadlarda sarflagan.

Shuningdek, u 2021 yilda Tinchlik sudyasi Vera Akimovani haqorat qilgan. Siyosatchi ushbu sud jarayonida davlat ayblovchisi Yekaterina Frolova va faxriyning nabirasi Igor Kolesnikovni ham haqorat qilgan.

Avvalroq, Rossiyada davlat ayblovchisi muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyni firibgarlik va sudni haqorat qilganlikda ayblab, 13 yil qamoq va 1,2 million rubl miqdorida jarimaga hukm qilishni so‘ragani haqida xabar bergan edik.

Ma’lumot uchun, Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy o‘tgan yilning 20 avgustida Rossiyaning Tomsk shahrida zaharlanganidan so‘ng, Germaniyada 4 oy davolanib, joriy yilning 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytdi va darhol hibsga olindi.

Keyinroq “Iv Roshe” ishi bo‘yicha sud qilingan muxolifatchi 3,5 yilga qamaldi. O‘lishiga bir baxya qolgan Navalniyning o‘zi bir qator intervyu va chiqishlarida joniga suiqasd qilinishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putinni ayblagan.

2021 yilning 19 yanvar kuni Navalniy tomonidan tashkil qilingan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi “Putinning qasri” haqidagi filmni e’lon qildi. U 100 million martadan ortiq tomosha qilindi, ijtimoiy tarmoqlar esa shu mavzudagi memlarga to‘lib ketdi. Hukumat uning qasr emas, apart-mehmonxona ekanligini va unga Putin emas, balki uning do‘sti Arkadiy Rotenberg egalik qilishini ma’lum qildi.

Moskvaning Simonov tumanlararo sudi 2 fevralda Navalniyni “Iv Roshe” ishi bo‘yicha aybdor deb topib, uning jazoni koloniyada o‘tashi haqida qaror chiqargandi. Moskva shahar sudi 20 fevralda qarorni qonuniy deb topdi va sud hukmi kuchga kirdi. Navalniy koloniyada yana 2,5 yil davomida sud belgilagan jazoni o‘taydi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya muxolifati yetakchisi, siyosatchi Aleksey Navalniy Yevropa Ittifoqining inson huquqlari sohasidagi bosh mukofoti “Fikr erkinligi uchun” Andrey Saxarov mukofotini olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

106

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing