Navalniyga oid jinoyat ishi sudga yuborildi
Olam
−
26 may 2023
3881Rossiya Federatsiyasida muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish materiallari Moskva shahar sudiga kelib tushdi. Bu haqda 25 may kuni Rossiya ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Dastlabki da’volarga ko‘ra, Navalniy ekstremistik jamiyatni yaratishda ayblangan. Biroq endi unga Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining yana olti moddasi bo‘yicha epizodlar qo‘shildi. Bular: ekstremizmga da’vatlar, fuqarolarning huquqlarini buzuvchi notijorat tashkilot tashkil etish, ekstremizmni moliyalashtirish, ekstremistik jamiyatni yaratish, voyaga yetmaganlarni xavfli qilmishlarni sodir etishga jalb qilish va natsizmni qayta tiklash.
Bundan tashqari, “Mediazona” internet-nashri e’tiborni tortganidek, ish fayliga “Navalniy LIVE” YouTube kanalining sobiq texnik direktori Daniel Xolodniyga tegishli maqolalar qo‘shilgan. Hozirda u ekstremistik jamiyatda ishtirok etish va uni moliyalashtirish moddasi bo‘yicha ayblanib, tergov izolyatorida saqlanmoqda.
Sudning veb-saytida ishni ko‘rish sanasi ko‘rsatilmagan.
Ma’lumot uchun, Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy 2020 yilning 20 avgustida Rossiyaning Tomsk shahrida zaharlanganidan so‘ng, Germaniyada 4 oy davolanib, 2021 yilning 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytdi va darhol hibsga olindi.
Keyinroq “Iv Roshe” ishi bo‘yicha sud qilingan muxolifatchi 3,5 yilga qamaldi. O‘lishiga bir baxya qolgan Navalniyning o‘zi bir qator intervyu va chiqishlarida joniga suiqasd qilinishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putinni ayblagan.
2021 yilning 19 yanvar kuni Navalniy tomonidan tashkil qilingan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi “Putinning qasri” haqidagi filmni e’lon qildi. U 100 million martadan ortiq tomosha qilindi, ijtimoiy tarmoqlar esa shu mavzudagi memlarga to‘lib ketdi. Hukumat uning qasr emas, apart-mehmonxona ekanligini va unga Putin emas, balki uning do‘sti Arkadiy Rotenberg egalik qilishini ma’lum qildi.
Moskvaning Simonov tumanlararo sudi 2 fevralda Navalniyni “Iv Roshe” ishi bo‘yicha aybdor deb topib, uning jazoni koloniyada o‘tashi haqida qaror chiqargandi. Moskva shahar sudi 20 fevralda qarorni qonuniy deb topdi va sud hukmi kuchga kirdi.
Keyinroq muxolifatchiga nisbatan yana bir jinoiy ish ochilgan. 2022 yilning mart oyida u o‘ta katta miqdordagi firibgarlik va sudga hurmatsizlik moddalari bo‘yicha 9 yilga qattiq rejimli koloniyaga hukm qilingan.
Rossiyada 2022 yil oktyabr oyida Aleksey Navalniy va uning qator sheriklariga qarshi ekstremizm bo‘yicha jinoiy ish ochilgan edi.
LiveBarchasi