Navalniy “Qutb bo‘risi”dan topildi

Olam

image

19 kun davomida qayerdaligi noma’lum bo‘lgan rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniy Rossiyaning Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi Xarp qishlog‘ida joylashgan 3-sonli “Qutb bo‘risi” axloq tuzatish koloniyasidan topildi. Bu haqda Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish ma’lum qildi.

“Biz Aleksey Navalniyni topdik. U Yamalo-Nenets avtonom okrugining Xarp qishlog‘idagi 3-axloq tuzatish koloniyasida joylashgan. Advokat bugun uni ko‘rdi. Aleksey yaxshi", deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

O‘z navbatida, Korrupsiyaga qarshi kurash fondi direktori Ivan Jdanov Navalniyning sheriklari 618 ta so‘rov yuborganini va advokatlar Navalniyni topish uchun "har bir tergov izolyatorini, ba’zan bir necha marta" qidirganini aytdi. Jdanovning so‘zlariga ko‘ra, 3- axloq tuzatish koloniyasi "umuman olganda, eng shimoliy va uzoq koloniyalardan biri".

“U yerda sharoit og‘ir, doimiy muzlik zonasida alohida rejim mavjud. U yerga borish juda qiyin va FSIN-xat yoki Zonatelecom xatlarini yetkazib berish tizimlari yo‘q. Advokat bugun u yerda edi. U Alekseyni ko‘rdi. Advokatni ham darhol kiritishmadi”, deydi Jdanov.

Ma’lumot uchun, Aleksey Navalniyning advokatlari, qarindoshlari va hamkorlari deyarli uch hafta davomida uning qayerdaligini aniqlay olmagan. U bilan aloqa 6 dekabr kuni yo‘qolgan. Dastlabki bir necha kun davomida uning advokatlari turli bahonalar bilan koloniyaga kiritilmagan. Shundan so‘ng, sud Navalniy 11 dekabr kuni “Vladimir viloyatini tark etgani”ni uning aniq manzilini ko‘rsatmasdan ma’lum qilgan.

“3-sonli axloq tuzatish koloniyasi har doim o‘ta xavfli takroriy jinoyatchilar uchun koloniya vazifasini bajarib kelgan”, deb yozgan "Novaya gazeta". 

Ma’lumot uchun, Mixail Xodorkovskiyning biznes sherigi Platon Lebedev ham jazo muddatining bir qismini ushbu koloniyada o‘tkazgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Aleksey Naval'niy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing