Navalniy 4 ta ayblov bo‘yicha javobgarlikdan ozod qilindi

Olam

image

Kecha, 5 avgust kuni Moskva shahar sudi sudyasi Andrey Suvorov “ekstremistik ish” bo‘yicha Aleksey Navalniyga hukmni o‘qib chiqib, siyosatchini to‘rtta ayblov bo‘yicha javobgarlikdan ozod qildi. Bu haqda suddan olingan audioyozuvga tayanib, “Mediazona” xabar berdi.

Muxolifatchiga 7 ta ayblov e’lon qlingandi. Sudya esa uni quyidagi moddalar bo‘yicha javobgarlikdan ozod etgan:

  • natsizmni reabilitatsiya qilish to‘g‘risida – Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 354.1-moddasi 3-qismi (bir yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi);
  • voyaga yetmaganlarni xavfli qilmishlarni sodir etishga jalb qilish to‘g‘risida – JKning 151.2-moddasi 2-qismining “a”, “b” va “v” bandlari (uch yil muddatga internetdan foydalanishni taqiqlash bilan ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi);
  • fuqarolarning shaxsiyati va huquqlarini buzuvchi nodavlat notijorat tashkilotini yaratish – JKning 239-moddasi 2-qismi (ikki yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi);
  • ekstremizmga da’vat qilish bo‘yicha – JKning 280-moddasi 1-qismi (uch yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi).

Natijada sud Navalniyni ekstremizmni moliyalashtirish (JKning 282.3-moddasi 2-qismi), ekstremistik jamiyat yaratish (JKning 282.1-moddasi 3-qismi) va ekstremizmga da’vat qilish (JKning 280-moddasi 2-qismi) moddalari bo‘yicha jazolagan. Dastlabki ikki moddaga ko‘ra, siyosatchi jami 15 yil qamoq va bir yarim yil ozodlikni cheklash bilan 500 ming rubl jarima va to‘qqiz yil davomida internetda yozishni taqiqlash, uchinchisi bo‘yicha – ikki yil davomida internetdan foydalanishni taqiqlash bilan to‘rt yil qamoq jazosi tayinlangan.

Avvalgi hukmlarni inobatga olgan holda, muxolifatchi 19 yilga maxsus rejimli koloniyaga hukm qilingan va 500 ming rubl miqdorida jarimaga tortilgan. Bundan tashqari, u uch yilga ozodlikni cheklash va 10 yil davomida internetda yozishni taqiqlashga hukm qilingan. Sudya Suvorov hukmda Navalniy jazoni o‘tagan vaqtni hisobga olgan holda 19 yilni koloniyada o‘tkazishini aytgandi. 
Ma’lumot uchun, Navalniy 2021 yilning yanvaridan beri hibsda saqlanmoqda. Shuning uchun sud tomonidan tayinlangan muddat 2030-yillarning oxirida tugashi kerak.

“Navalniy Live” YouTube kanalining sobiq texnik direktori Daniel Xolodniy esa jami sakkiz yilga qamoq va to‘rt yilga internetda yozishni taqiqlashga hukm qilingan. U ekstremistik faoliyatni moliyalashtirish (JKning 282.3-moddasi 2-qismi) moddasi bo‘yicha to‘rt yil va ekstremistik tashkilot faoliyatida ishtirok etish (JKning 282.1-moddasi 2-qismi) bo‘yicha olti yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

sud Aleksey Naval'niy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made