NATOning Ukrainadagi urushga kirishi nimaga olib kelishi aytildi
Olam
−
14 mart 2022
24995NATOning Ukrainadagi harbiy mojaroga aralashuvi Uchinchi jahon urushining boshlanishiga aylanishi mumkin. Bu haqda Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel bugun, 14 mart kuni “El Pais” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Biz mojaroni kuchaytirmaslik uchun qo‘limizdan kelganini qilmoqdamiz. Rossiya yadroviy davlatdir va biz yaxshi tushunamizki, agar bu mojaro NATO va Rossiya o‘rtasidagi [mojaroga] aylansa, biz Uchinchi jahon urushiga kelib qolamiz”, degan Mishel.
Yevropa kengashi rahbari Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan doimiy aloqada ekanini urg‘ulab, u G‘arb davlatlaridan ko‘proq narsa kutganini aytgan.
“Men [Ukraina Prezidenti] Vladimir Zelenskiy bilan doimiy aloqadaman. U ko‘proq narsani xohlagani rost. Ammo [Yevropa Ittifoqi] kengayishi juda nozik masala bo‘lib, bu borada barcha Yevropa davlatlari ham bir xil fikrda emas. Biz qo‘shilish jarayoni allaqachon boshlangan davlatlarni ham hisobga olishimiz kerak. Biz erkin dunyoga intilayotgan hamkorlarimizni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Assotsiatsiya bitimlari juda katta salohiyatga ega, ular yetarlicha baholanmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Yevropa Kengashi rahbari”, degan Mishel.
Fevral oyi oxirida Zelenskiy Yevropa Ittifoqidan Ukrainani zudlik bilan hamjamiyatga qo‘shishni so‘ragan edi. 1 mart kuni Ukraina yetakchisi devoni rahbari Andrey Yermak Ukrainaning tezlashtirilgan tartib asosida Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha ariza qabul qilingani, ro‘yxatga olingani va ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.
Avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya NATO davlatiga hujum qilsa, tashkilot bor kuchi bilan javob qaytarishini ta’kidlagan edi. U ham NATO va Rossiya to‘qnashuvi Uchinchi jahon urushi bo‘lishini ta’kidlagan.
LiveBarchasi