NATO va AQSH 2008 yilgi darsdan saboq olmadi – Medvedev
Olam
−
22 fevral 2022
23584NATO va AQSH Rossiya Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan olish bilan ularga o‘rgatgan darsdan saboq olmagan. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev jurnalistlarga Donbass respublikalari bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni sharhlash paytida aytdi.
“2008 yilda men Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan olish bo‘yicha qiyin qaror qabul qilishimga to‘g‘ri keldi. Rossiya harbiy kuch va siyosiy irodadan foydalanib, yuz minglab odamlarning hayotini saqlab qolishga yordam berdi. Bu bilan NATO, AQSH, Rossiya fuqarolariga qarshi tajovuzkor niyatda bo‘lgan har bir kishiga saboq berdi. Ammo NATO buni yaxshi qabul qilmadi va alyansning potensial a’zolari doirasini kengaytirib, Rossiya chegaralariga surbetlarcha yaqinlashishda davom etdi”, degan u.
Medvedevga ko‘ra, G‘arb Kiyevga Minsk kelishuvlarini buzishda yordam berdi.
“Donetsk va Luganskga qarshi urush qoidasiz davom etayotgan edi. Odamlar doimiy repressiyalarga uchragan. Ularni uylariga o‘q uzilgan, ular abadiy qo‘rquvda yashashga majburlangan, bombalardan yerto‘lalarda yashiringan”, deya qo‘shimcha qilgan Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari.
Ma’lumot o‘rnida, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Farmonni imzolash marosimida LXR va DXR rahbarlari ham ishtirok etdi.
LiveBarchasi