NATO Ukrainaga 21 mlrd yevro yordam ajratadi

Olam

image

Kecha, 11 aprel kuni Belgiya poytaxti Bryusselda bo‘lib o‘tgan Ukraina mudofaasi bo‘yicha kontakt guruhi (Ramshteyn formati, Ukraine Defense Contact Group, UDCG) yig‘ilishida Ukraina mudofaasini kuchaytirish uchun jami 21 milliard yevrodan ortiq mablag‘ ajratilishi e’lon qilindi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu summaning yarmidan ko‘pi – taxminan 11 milliard yevro Germaniya hissasiga to‘g‘ri keladi. Buyuk Britaniya esa taxminan 5,2 milliard yevro ajratishni rejalashtirmoqda. Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistoriusning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda Berlin Kiyevga quyidagilarni yetkazib beradi:

  • 100 ming dona artilleriya snaryadi;
  • 25 ta piyoda jangovar mashinasi;
  • 15 ta asosiy jangovar tank;
  • 100 ta yer usti kuzatuv radar stansiyasi;
  • 120 ta ko‘chma zenit-raketa majmuasi.

Shuningdek, Germaniya Ukrainaga IRIS-T zenit-raketa mudofaa tizimining to‘rtta majmuasini va ularga 300 ta raketa bilan topshiradi.

Bundan tashqari, Britaniya-Norvegiya tomonidan ajratilgan 523 million yevro miqdoridagi qo‘shma paket radarlar, tankga qarshi minalar, harbiy texnika ta’miri, shuningdek yuz minglab dronlarning xaridini moliyalashtiradi.

“Ukrainaga kuchli armiya zarur, faqat shundagina muzokaralar adolatli va barqaror tinchlikka olib kelishi mumkin. Rossiya Ukraina kurashni davom ettirishga qodirligini tushunishi kerak va biz bu borada uni qo‘llab-quvvatlaymiz”, deydi Germaniya Mudofaa vaziri.

Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Jon Hili esa o‘z nutqida Rossiya rahbariyatini AQSH tomonidan ilgari surilgan va Kiyev tomonidan bir oy oldin qabul qilingan tinchlik tashabbuslarini barbod qilganlikda ayblagan.

“Putin tinchlik istayotganini da’vo qiladi, biroq uning qo‘shinlari harbiy nishonlar bilan birga fuqaro infratuzilmasini ham nishonga olib, Ukrainaga zarba berishda davom etmoqda”, deya ta’kidlagan Hili.

Berlin va London tashabbusi bilan chaqirilgan 27-yig‘ilishda 50 mamlakatning Mudofaa vazirliklari vakillari ishtirok etgan. AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset tadbirgda videokonferensiya orqali qatnashib, ittifoqchilarga ularning faoliyati uchun minnatdorchilik bildirgan.

Ma’lumot uchun, Ukraina Mudofaasi bo‘yicha kontakt guruhi – norasmiy nomi bilan Ramshteyn formati ilk bor 2022 yil aprelida Germaniyadagi AQSHning Ramshteyn aviabazasida chaqirilgan. O‘shandan beri yig‘ilishlar muntazam ravishda o‘tkazilmoqda va Ukraina uchun yordamni muvofiqlashtiruvchi asosiy xalqaro platformaga aylangan. Guruh tarkibiga NATO davlatlari, Yevropa Ittifoqi a’zolari hamda Ukrainaning boshqa xalqaro hamkorlari kiradi. Formatning asosiy vazifalari qurol-aslaha yetkazib berishni ta’minlash, ukrainalik harbiylarni tayyorlash, mamlakatning joriy va istiqboldagi mudofaa ehtiyojlarini muhokama qilish, shuningdek Rossiyaga qarshi urushda uzoq muddatli yordam strategiyasini ishlab chiqishdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina armiyasini “yangi bosqinning oldini olish” uchun tayyorlash va qayta qurishga yordam berishi uchun Buyuk Britaniya o‘z qo‘shinlarini Ukrainada besh yilgacha joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingan edi. Britaniya va Fransiya muhokama qilayotgan variantlar orasida Ukrainaga “Yevropa boshchiligidagi kuchlar”ni yuborish ham bor. Ukraina hududiga aniq qancha qo‘shin kiritilishi noma’lum. Yevropa davlatlarining fikricha, bu dastlab Rossiyani tinchlik bitimini buzishdan qaytaradi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Ukraina harbiy yordam Ramshteyn formati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing