NATO sammitida ilk bor qatnashgan Bayden qanday kutib olindi? 

Olam

image

Avval xabar berganimizdek, kecha, 14 iyun kuni Bryusselda NATO sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda asosiy e’tibor AQSH Prezidenti Jo Baydenga qaratildi. Sammitda Bayden alohida ishtiyoq bilan kutib olindi. 

Bayden NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan suhbatda tashkilotning Amerika uchun foydasi katta ekanini ta’kidlagan. 

“NATO AQSH manfaatlari uchun juda muhimdir. Agar u bo‘lmaganida, biz uni ixtiro qilishimiz kerak edi”, degan Bayden. 

Shuningdek, Bayden Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasini “muqaddas burch” deb atadi. Ushbu band alyansning bir mamlakatiga qilingan hujum barchaga qilingan hujum sifatida qabul qilinishini ta’kidlaydi. 

Stoltenberg esa Yevropa Amerikaga “ishonishi” mumkinligi uchun Baydendan minnatdorchiligini yashirmagan. Germaniya kansleri Angela Merkel NATO ushbu sammitda Bayden bilan birgalikda “yangi bob ochishga” qodirligini ta’kidlagan. Shuningdek, u Amerikaning yangi Prezidenti ittifoqqa va 5-moddaga sodiqligini aytganidan xursandligini bildirgan. 

Ta’kidlanishicha, Bayden jurnalistlar bilan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan matbuot anjumanini rejalashtirilganidan deyarli uch soat kech boshlagan.  

“Bilaman, Bryussel vaqti bilan soat 21:30 bo‘ldi va men hali ham NATOdaman. Hammangiz bundan xursand ekanligingizni ko‘ryapman”, degan Bayden hazillashib. 

Jurnalistlarni eng ko‘p qiziqtirgan masala 16 iyun kuni Jenevada o‘tkaziladigan Bayden-Putin (Rossiya prezidenti Vladimir Putin — tahr.) uchrashuvi bo‘lgan. 

“Men Prezident Putinga Rossiya bilan ziddiyat izlamayotganimni aytaman. Ammo Rossiya zararli faoliyatini davom ettirsa, biz ham munosabat bildiramiz”, degan Bayden jurnalistlarga. 

Shuningdek, u Putinga iloji bo‘lgan sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qilishini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Bayden

Baholaganlar

167

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing