NATO Rossiyani qanday “yechintirgan”?
Tahlil
−
20 iyul
24084Insoniyat yostig‘ini quritgan Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng, uning xulosasi o‘laroq tashkil topgan BMT dunyoda tinchlikni saqlash uchun ishlab chiqilgan qisqa muddatli shirin yolg‘on bo‘lib chiqdi. Tashkilot tuzilgandan bir yil o‘tar-o‘tmas dunyo yangi mojaroga qadam qo‘ydi. Biroq endilikda yuz berishi mumkin bo‘lgan xavf oldingilardan ancha dahshatliroq bo‘lish ehtimoli yuqori edi. Chunki bu paytga kelib sayyoramizda yadro quroli mavjud edi. O‘zidagi bu ustunlikdan foydalangan holda AQSH birinchi bor SSSRga ushbu ommaviy qirg‘in quroli bilan tahdid qildi. Vaziyat bir qadar murakkab tus oldi. Endi sayyorani yangi muammo – “sovuq urush” qamrab olgandi. Jarayonning bunday rivojlanishi katta ehtimol bilan dunyoni yana ikki harbiy lagerga bo‘lib tashlashi kutilgan edi va bu voqelik o‘zini uzoq kuttirmadi. Dastavval 1946 yil mart oyida iste’fodagi siyosiy daho Uinston Cherchill AQSHning Fulton shahridagi Vestminster kollejida so‘zlagan nutqida SSSR boshchiligidagi Sharq va Qo‘shma Shtatlar yo‘lboshchiligidagi G‘arbning o‘rtasida “temir parda” mavjudligi haqida gapirganda sovuq urush de-fakto start olgandi. Bu voqealardan roppa-rosa bir yil o‘tib, AQSH Prezidenti Garri Trumenning ham jiddiy qarama-qarshiliklarga nisbatan munosabati o‘laroq o‘ziga xos doktrinasi e’lon qilindi. Bu doktrina G‘arbning keyingi harakatlar yo‘nalishiga ta’sir o‘tkazdi. Yadroviy shantajlar fonida iqtisodiy kurashlar keyinchalik harbiy sohada juda jiddiy tarzda davom etdi. Bu esa ikki dushman lagerlar o‘rtasidagi raqobatda harbiy ittifoqlar paydo bo‘lishini zaruratga aylantirdi. Tez orada shunday ham bo‘ldi. 1949 yilda bir qancha G‘arb davlatlari yagona mudofaa tomi ostida birlashgan holda harbiy tashkilotga asos solishdi. Bu Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti, ya’ni NATO edi. NATOga 12 ta davlat asos solgan. Bular, Belgiya, Kanada, Daniya, Fransiya, Islandiya, Italiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Portugaliya, Buyuk Britaniya va AQSH kabi davlatlar edi. Tashkilot shartnomasi imzolanishidan keyin besh oy ichida barcha 12 mamlakat parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilindi. Bu orada SSSR ham qo‘l qovushtirib o‘tirmadi. NATO tashkil topganidan 6 yil o‘tib unga qarshi boshqa bir harbiy tashkilot dunyoga keladi. Bu SSSR boshchiligidagi Sharqiy Yevropa davlatlarining harbiy-siyosiy ittifoqi – Varshava Shartnomasi Tashkiloti edi. Bu ittifoq 8 ta davlatdan tarkib topgan bo‘lib, bular SSSR, Albaniya, Polsha, Ruminiya, Vengriya, Chexoslovakiya, Bolgariya va o‘sha paytda ikkiga ajralib ketgan Germaniyaning sharqiy qismi – Germaniya demokratik respublikasi kabi davlatlar edi.
Ikki harbiy qirg‘oq
NATO va Varshava paktining vujudga kelishi Yevropani o‘rtasidan olovli daryo oqib o‘tuvchi ikki harbiy qirg‘oqqa bo‘lib yubordi. Lekin ushbu ikki tashkilotning taqdiri turlicha ko‘rinish oldi. G‘arbdagi harbiy ittifoq rivojlanish va kengayish yo‘lidan borgan bo‘lsa, SSSR boshchiligidagi sharqiy harbiy lager parchalanish va nurash kabi muammolarga duch kelgan holda, oxir-oqibat zavolga yuz tutdi. Dastavval, 12 ta davlatdan tashkil topgan NATO, keyinchalik paydo bo‘lganidan to bugungacha naqd 10 ta kengayish bosqichini amalga oshirdi va tashkilot a’zolari sonini 32 taga yetkazdi. 1952 yilda Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkilotiga birinchi yangi a’zolar Gretsiya va Turkiya qo‘shildi. Ammo bu hali boshlanishi bo‘lib, NATOning shiddat bilan kengayishi hamda Rossiyaning burchakka siqishi hali oldinda edi. Gretsiya va Turkiyadan so‘ng NATO yana bir shov-shuvli kengayishni amalga oshirdi. Bu o‘sha payt ikkiga bo‘lingan va sharqiy qismi SSSR, ammo g‘arbiy qismi AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya ta’siri ostida bo‘lgan Germaniyaning Germaniya federativ Respublikasini o‘z safiga qo‘shib olish jarayoni edi. Bu NATO chegaralari SSSR tomonga qarab siljigan birinchi jiddiy harakat bo‘ldi. Shundan so‘ng tashkilot biroz tin oldi va keyingi a’zoni o‘z safiga qo‘shib olish 27 yildan so‘ng sodir bo‘ldi. 1982 yil Ispaniyaning ushbu siyosiy-harbiy tashkilotga qo‘shilishi a’zo mamlakatlar sonini 16 taga yetkazgan holda, sovuq urush davridagi so‘nggi kengayish edi. Agar Fransiyaning tashkilotdagi o‘rni masalasidagi ba’zi istisnolarni inobatga olmasak, bu paytda G‘arbda hammasi a’lo darajada edi. Harbiy tashkilotdagi mamlakatlar soni ko‘payib, chegaralari kengayib borayotgandi.
Ammo Sharqiy Yevropa vaziyat bu yerdagidan tubdan farq qilgan holda, Varshava Shartnomasi Tashkiloti SSSR asos solgan boshqa xalqaro tuzilmalar singari muvaffaqiyatsizlikka yuz tutayotgandi. Tashkilot safi kengayish o‘rniga aksincha torayib borardi. Masalan, Albaniya Varshava Pakti binosidan birinchi “ko‘chirilgan g‘isht” vazifasini o‘tadi va 1968 yilda ushbu harbiy ittifoqni tark etdi. Aslida Sovet Ittifoqi soyasi ostidagi bu tashkilotning parchalanishida totalitar tafakkur va SSSRning mutlaq boshqaruvga o‘chligi kabi sabablar asosiy rol o‘ynagan. Xususan, Varshava Shartnomasi a’zolari, agar ulardan biri yoki bir nechtasi hujumga uchrasa, bir-birini himoya qilishga, o‘z a’zolarining ichki ishlariga aralashmaslikka va biron masala yuzasidan jamoaviy qarorlar qabul qilishga kelishishgan bo‘lsa-da, Sovet Ittifoqi bu qoidalarga tupurgan holda juda katta xatolarga yo‘l qo‘ydi. U Sharqiy Yevropada o‘z ta’sirini saqlab qolish maqsadida 1956 yilda Vengriyada, 1968 yilda Chexoslovakiyada va 1981 yilda Polshada sodir bo‘lgan demokratik ruhdagi ommaviy noroziliklarni shafqatsizlarcha bostirdi. Bu esa Varshava Shartnomasi Tashkilotidagi davlatlar teng huquqli emasligini yaqqol oshkor qildi.
NATOning dastlabki yirik g‘alabasi
1980 yillarga kelib, Varshava Shartnomasi Tashkiloti barcha Sharqiy Yevropa mamlakatlaridagi iqtisodiy pasayish bilan bog‘liq muammolarga duch keldi. 1980 yillarning oxiriga kelib, ko‘pchilik a’zo davlatlarda siyosiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Sharqiy Yevropada 1989 yilgi demokratik inqiloblardan so‘ng avtoritar muhit ostida ezilayotgan Varshava Shartnomasi jiddiy tarzda falajlandi. 1990 yil sentyabrida Sharqiy va G‘arbiy Germaniya birlashishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ushbu tashkilotdan chiqdi. Oktyabrga kelib esa Chexoslovakiya, Vengriya va Polsha Varshava Shartnomasiga a’zo mamlakatlarning barcha harbiy mashg‘ulotlarini tark etishdi. Shunday qilib, bir yildan so‘ng yozda mazkur harbiy ittifoqning qolgan-qutganlari tashkilotni so‘nggi manzilga kuzatib qo‘yish maqsadida Praga shahriga yig‘ilishadi. Bu esa tuzilgan paytida NATOga qarshi turishi kutilgan Varshava harbiy tashkilotining oxirgi kuni edi. Bu Sovet Ittifoqi ko‘rgan so‘nggi ko‘rgilik emasdi. Tez orada Kremlni bundan-da yomon ssenariylar kutayotgan va bularning oldida u tomondan barpo etilgan harbiy ittifoqning qulashi hali holva edi.
Rossiya chegaralarini “yalang‘ochlash”
1990 yillarning boshlarida, dunyo siyosiy arenasida juda katta burilish yuz berdi. Repressiv SSSR kutilganidek abadiy yashamadi. U parchalandi va bu voqea o‘z-o‘zidan Sovuq urushning tugashiga va jahon siyosatida yangi mustaqil sub’ektlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Rossiya o‘zining 1920 yillardagi chegaralariga qaytdi. Ammo endilikda bu chegaralar xavfdan holi bo‘lmasligi ma’lum bo‘ldi. Chunki SSSRning parchalanishi va u tomonidan asos solingan harbiy ittifoqning allaqachon tugatilishi NATOning ishtahasini karnay qilib yuborgandi. Mazkur harbiy tashkilot endi sobiq Varshavachilar va postsovet respublikalarini o‘z safiga qo‘shish orqali Rossiya chegaralarini “yalang‘och” holga keltirishga jiddiy tarzda bel bog‘ladi. Sharqiy Yevropa davlatlarini tashkilotga a’zo qilish uchun bir qancha mexanizmlar ishlab chiqildi. 1991 yilda tashkil etilgan Shimoliy Atlantika Hamkorlik Kengashi bu borada darhol amalga oshirilgan ishlardan biri edi. 1994 yilda NATO ittifoq va NATOga a’zo bo‘lmagan davlatlar o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan "Tinchlik yo‘lida hamkorlik" dasturini qabul qildi. 1995 yildan boshlab esa harbiy alyans o‘zining kengayishi uchun yangi imkoniyatlar borligini bod bod ta’kidlashni boshladi va hatto bu borada o‘ziga xos tadqiqotlar ham olib borildi. Rossiya demokratizatsiyaga asta-sekin qadam qo‘yayotgani va uni boshqarayotgan Boris Yelsinning xalqaro munosabatlarda o‘ta nimjonligi amalda NATOning oldida hech qanday to‘siq qolmaganini anglatardi. Sotsialistik lager qulashi bilan unga a’zo bo‘lgan yoki u bilan yaqin hamkorlik qilgan ba’zi davlatlarga “yashil chiroq” yoqish borasida signallar bergan NATO 90 yillarning ikkinchi yarmida shiddatli yurish boshladi. Marshrut kutilganidek Rossiya yo‘nalishiga qaratildi. Endi hammasi rasman start oldi.
1997 yil iyul oyida Madridda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida sobiq Sovet Ittifoqining eski do‘stlari Vengriya, Polsha va Chexiya kabi davlatlarga ittifoqqa qo‘shilish taklif qilindi. NATOga qisqa muddat raqobat qilgan kommunistik harbiy alyansning asosiy markazlaridan biri va hatto poytaxti tashkilot nomiga ham asos bo‘lgan Polsha endilikda NATOning o‘ziga qo‘shilayotgandi. Bu g‘arbiy yarimshardagi harbiy alyansning to‘rtinchi bor kengayishi uchun tashlangan jiddiy qadam edi. Ushbu uch davlatning ittifoq safidan rasman o‘rin olishi uchun ikki yil yetarli bo‘ldi. Vengriya, Polsha va Chexiya bayroqlari 1999 yildan boshlab Bryusseldagi NATO shtab-kvartirasi hovlisida hilpiray boshladi. Ushbu uch davlatning, ayniqsa Polshaning alyansga qo‘shilishi oddiy bir voqelik emasdi. Sababi, NATO bu kengayish orqali o‘zining azaliy raqibi bo‘lgan Rossiya chegarasi tomon juda tezkor kross amalga oshirgandi. Polsha poytaxti Varshavadan Rossiya poytaxti Moskvagacha bo‘lgan masofa 1200 km ni tashkil qilishini inobatga olsak, mazkur kengayish NATOning sovuq va izg‘irin havo oqimi Kremlga juda yaqin kelib qolganini anglatardi. Bu harbiy alyansning Yevropa kontinenti bo‘ylab ulkan quloch yozish jarayonidagi kichik bir tizer edi, xolos.
Ushbu voqeadan keyingi besh yil ichida blokning navbatdagi ovi postsovet davlatlariga qaratildi. Ammo bu endi oldingi kengayishlar kabi osonlik bilan kechmasdi. Bunga yetarlicha sabablar ham bor edi. Xususan, bu paytga kelib Rossiyada butun hokimiyat Putin va uning jamoasi qo‘lida jamlangandi. Bundan tashqari, agar NATO kengaygandek bo‘lsa, endi bu Boltiqbo‘yi hududlari va Bolqon yarimorolidagi davlatlar hisobiga amalga oshirilishi mumkin edi. Bu esa NATO to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya bilan chegaradosh bo‘lib qolishini anglatardi. Biroq o‘z chegaralari sarhadini bir doirada qolib ketishiga qarshi immunitetni o‘zida shakllantirgan Shimoliy Atlantika alyansi bir joyda qotib qolmadi. Kremlning jiddiy qarshiliklariga qaramay, bu voqea ro‘y berdi. 2004 yil NATO o‘z tarixidagi eng yirik siljishni amalga oshirdi. Shu yili Rossiya bilan qo‘shni bo‘lgan va tarixan SSSR tarkibiga kirgan Boltiqbo‘yi davlatlari Latviya, Litva va Estoniya harbiy ittifoqqa a’zo bo‘ldi. Bundan tashqari, yana to‘rt davlat ham ular bilan birga alyans tarkibiga kirdi. Bular Bolgariya, Ruminiya, Slovakiya va Sloveniya edi.
NATOning oltinchi kengayishi juda yirik hududlarni o‘z ichiga olgan holda Boltiq dengizini sharqiy tomondan, Rossiyani esa g‘arbiy tomondan o‘rashi bilan esda qoldi. Alyans Rossiyani tobora siqib borayotgandi. Bundan tashqari, Bolgariya va Ruminiyaning alyansga qo‘shilishi Qora dengiz sohillarining yarmidan ko‘prog‘ida NATO paydo bo‘lishiga olib keldi.
Biroq bu eng jiddiy masala emasdi. E’tiborga molik jihat shuki, endilikda Rossiya va NATO orasidagi masofa juda-juda qisqargandi. Estoniya va Latviya rus yerlari bilan bevosita chegaradosh bo‘lib, bu ikki mamlakat Rossiyaning ikki asosiy markazlari Peterburg va Moskvaga juda yaqin hisoblanadi. Masalan, Estoniya poytaxti Tallindan Moskvagacha bo‘lgan masofa 1000 km ni tashkil qilsa, Tallin va Sankt-Peterburg o‘rtasida bor-yo‘g‘i 316 km lik yo‘l mavjud xolos. Latviya esa Moskvaga yanada yaqinroq joylashgan bo‘lib, Riga va Moskvani 842 km masofa ajratib turadi. Ammo Riga Moskvadan ko‘ra Peterburgga juda yaqinroq bo‘lib, bu ikki shahar bir-biridan 480 km uzoqlikda joylashgan. Sodda qilib aytganda, Latviya va Estoniyaning NATO hududiy sarhadlariga qo‘shilishi, endilikda alyans va Rossiya o‘rtasida 500 km lik chegara chizig‘i hosil bo‘lishini anglatardi. Biroq bu hali hammasi emas. Bizning e’tiborimizni tortishi kerak bo‘lgan eng muhim jihat Litva va uning markazi Vilnusdir. Chunki Boltiqbo‘yidagi ma’muriy markazlardan Moskvaga eng yaqini aynan Vilnus hisoblanadi. Ikki davlat poytaxtlari orasidagi uzunlik atigi 790 km bo‘lib, bu Varshavaga qaraganda anchayin yaqin edi. Shunday qilib, NATO va Rossiya orasi bir nafas, bir qadam, bir lahza va bir ko‘z yumib-ochishlik masofa bo‘lib qoldi. Dastlab tashkil topganida tarkibida 12 ta davlat mavjud bo‘lgan tashkilot 2004 yilga kelib, 26 taga yetdi. Ammo eng qizig‘i harbiy ittifoqning bu bilan chegaralanish niyati yo‘q edi.
“O‘xshamagan” loyiha va keyingi harakatlar
NATO tashkil topgandan buyon o‘z hududini kattalashtirish va yangi chegaralarga ega chiqish borasidagi deyarli barcha masalalarda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishdi. Bundan faqatgina Ukraina va Gruziya bilan olib borilgan ishlar mustasno. 2004 yildagi misli ko‘rilmagan kengayishdan so‘ng, keyingi nishon Rossiyaning janubi-sharqiy chegaralariga qaratildi. NATOga a’zo davlatlarning rahbarlari 2008 yil aprel oyida Buxarestda bo‘lib o‘tgan sammitda Ukraina va Gruziyaga a’zolik masalasida “yashil chiroq” yoqdi. Agar Ukraina va Gruziyaning a’zoligi amalga oshadigan bo‘lsa, NATO Rossiyaga nihoyatda yaqinlashgan va ikki raqib o‘rtasidagi chegara avvalgi 500 km ga nisbatan naqd 7 barobar ko‘paygan holda 3700 km ni tashkil qilardi. Bu esa amalda Rossiyaning g‘arbiy alyans tomonidan sirtmoqqa olinishini bildirardi.
Biroq, va nihoyat, Rossiya boshqaruvchilari NATO allaqachon mamlakat eshigining tagiga yetib kelganini his qildi va navbatdagi kengayishga yo‘l qo‘ya olmasliklarini tushunib yetdi. Bu paytga kelib rus iqtidoridagi jilovlarni mahkam ushlagan Putin alyansning ushbu rejasini barbod qilish payida bo‘ldi. U buni amalga oshirish uchun Gruziyada proksi urush qo‘zg‘ash, Ukrainada esa rusparast qo‘g‘irchoqni hokimiyat tepasiga olib kelish rejasini ishlab chiqdi. Ahamiyatlisi shundaki, Putinning Abxaziya va Janubiy Osetiya loyihalari hamda Yanukovich keysi ish berdi. Abxaziya va Janubiy Osetiyada Kreml qo‘llovi ostidagi separatistik kuchlar bu hududlarni Gruziyadan ajratib oldi. Shunday qilib, Gruziya hududiy yaxlitlik borasida muammolarga duch kelishi oqibatida u uchun NATO integratsiyasi sarobga aylandi. Ukrainada esa keyingi voqealar rivoji qanday tus olgani barchaga ma’lum.
Ukraina va Gruziyadagi kichik muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng g‘arb harbiy ittifoqi Rossiyaga chegaradosh bo‘lmagan Bolqon davlatlariga o‘z eshigini ochdi. 2009 yilda Albaniya va Xorvatiya, 2017 yilda Chernogoriya va 2020 yilda esa Shimoliy Makedoniya NATOga a’zo bo‘ldi, va shu bilan Bryusselda joylashgan alyans qarorgohidagi bayroqlar soni 30 taga yetdi. Tasavvur qilish uchun bu paytga kelib NATOga a’zo davlatlarda dunyo aholisining 12 foizi, ya’ni 935 million kishi yashardi. Alyans 23 million kvadrat km da yastangan o‘ta yirik va qudratli tashkilotga aylanib ulgurgandi.
Rossiya nimani pesh qilyapti?
G‘arb yetakchilari, xususan, Germaniya kansleri Gelmut Kol va Tashqi ishlar vaziri Gans Ditrix Gensherning 1990 yilda Germaniyani birlashtirish bo‘yicha muzokaralar chog‘ida Sovet rahbari Mixail Gorbachyovga NATOning sharq tomon kengaymasligi haqida og‘zaki va’dalar bergan. Ortda qolgan yaqin yillarda bu faktni hatto nemis ommaviy axborot vositalari ham tasdiqladi. Bundan tashqari, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 1990 yilga oid o‘sha video yozuvni ham taqdim etdi. Unda o‘sha paytdagi Germaniya Tashqi ishlar vaziri Gans Ditrix Gensher va AQSH Davlat kotibi Jeyms Beyker telekamera oldida Sovet Ittifoqidagi hamkorlar NATOga kirmasligi haqida kafolat olganliklarini aytishadi. Videoda SSSR Tashqi ishlar vaziri Eduard Shevardnadze va AQSHning Davlat kotibi Jeyms Beyker o‘rtasida NATOni kengaytirmaslik bo‘yicha muzokaralar ham qayd etilgan.
2016 yil dekabr oyida esa Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ushbu uchrashuvlar bo‘yicha hujjatlarni NATOga a’zo davlatlarning vakillariga topshirganini aytgandi. Bu kabi voqealar haqiqatdan ham bo‘lgan va buni inkor eta olmaymiz. Ammo ushbu uchrashuvlarda yangragan va’dalar va kelishuvlarning katta qismi faqat va faqat og‘zaki ko‘rinishda bo‘lgani va bu kabi quruq gaplar NATOning 14 moddadan iborat asosiy hujjatidan ustun bo‘la olmasligini Rossiyaning kechagi va bugungi siyosatdonlari tushunmayapti yoki tushunishni xohlashmayapti.
Bu yerdagi barcha mojaroning tepasida NATO shartnomasining 10-moddasi turibdi. O‘zi 10-modda nima deyilgan? Keling, shu moddaga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Shimoliy Atlantika shartnomasining 10-moddasiga ko‘ra, “tomonlar bir ovozdan kelishuv asosida ushbu shartnoma tamoyillarini ilgari surish va Shimoliy Atlantika hududi xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘lgan har qanday Yevropa davlatini ushbu tashkilotga qo‘shilish uchun taklif qilishlari mumkin”.
Masala markazida bunday yuqori darajadagi hujjat turganda qandaydir og‘zaki kelishuvga suyanish yoki uni asos qilib keltirish hech qanday natija bermaydi. NATO ham xuddi shu tamoyilga suyanmoqda. Shuning uchun Putin hokimiyat tepasiga kelgandan buyon 20 yildan ko‘p vaqt davomida Rossiyaning keskin e’tirozlariga qaramay, NATO hech narsaga e’tibor bermasdan bemalol kengaymoqda.
Bugungi olovli chiziq
Asrimizning ikkinchi dekadasidan boshlab Kreml Bryusselning harbiy ambitsiyalariga qarshi jiddiy kurashishni boshladi. Ammo bu bahsda Rossiya tomoni ojiz qurol bo‘lgan 90 yillardagi NATO tomonidan berilgan quruq va’dalar bilan maydonga chiqdi. Turli xil lavozimlardagi bir qancha mulozimlar harbiy alyansning Sharqqa qarab kengaymasligi lozimligi va NATO bu haqda Rossiyaga ko‘plab va’dalar berganini aytib kelishdi. Putin esa bu borada bir qancha bayonotlarida mojaroning keskin tus olishi haqida goh tahdidona, goh yumshoq tarzda signallar berib keldi.
U 2019 yil dekabr oyida Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan Harbiy-dengiz flotini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda NATOning kengayishi va uning Rossiya chegaralari yaqinidagi harbiy infratuzilmasini rivojlantirishi mamlakat xavfsizligiga potensial xavf tug‘dirishidan noligandi. Putin 2021 yilning oxirida AQSH va uning ittifoqchilaridan NATOning sharq tomon kengayishini va tahdid qiluvchi qurol-yarog‘ tizimlarini Rossiya hududi yaqiniga joylashtirmaslikni ko‘zda tutuvchi aniq kelishuvlarni ishlab chiqishni talab qildi. G‘arb og‘zaki majburiyatlarni bajarmaganligini iddao qilgan Rossiya Federatsiyasi rasmiylari bu masalada va nihoyat aniq qonuniy kafolatlarni jiddiy ohangda talab qilish yo‘liga o‘tdi. Bu talab bilan bir vaqtda 2021 yil 17 dekabrda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘zining rasmiy portalida Rossiya va NATO o‘rtasidagi xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi bitim loyihasini ham e’lon qildi. Ushbu loyihada Rossiya va NATO bir-birini dushman deb hisoblamaslik, chegaralar yaqinida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishda vazminlik ko‘rsatish, Ukraina, Sharqiy Yevropa, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoda har qanday harbiy faoliyatdan voz kechish hamda NATOning sharqqa kengaymasligi va qurol-yarog‘larini joylashtirmasligini kafolatlashni taklif qilgan.
Shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘z uslubiga ko‘ra qo‘pol tahdidona ritorika bilan NATO va AQSH Moskvaning xavfsizlik kafolatlarida keltirilgan talablarga javob bermasa, qarama-qarshilikning yangi bosqichi yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Ammo alyans Bosh kotibi Yens Stoltenberg bunga nisbatan o‘z munosabatini bildirar ekan, tashkilot Rossiya xavfsizligiga doir masala yuzasidan muzokaralarga doim tayyorligi, ammo Kreml Ukraina va NATO o‘rtasidagi ishga aralashmasligi lozimligini aytdi. Ko‘rinishidan ultimatumni eslatib yuboradigan Kreml takliflariga dunyoning eng qudratli harbiy ittifoqi hech qachon rozi bo‘lmasligi aniq edi. Shunday qilib, 2021 yil oxirlab borar, keyingi yil kelajagi esa qalin tuman ichida qolayotgandi. Kutilganidek, kelishuv amalga oshmadi. 2022 yil fevral oyi oxirida Rossiya egoizmi va NATO ambitsiyalarining omuxtasi dunyoning keng ko‘lamli mojaro ichiga kirishi uchun poyandoz to‘shadi. Biroq o‘rtada Ukraina vayron bo‘lgani qoldi. Eng alamlisi, o‘rmonda fillar o‘zaro jang qildi-yu, bundan esa ularning oyoqlari ostidagi nozik va nimjon maysalar ezg‘ilandi.
“Qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqargan” Rossiya
Rossiya Ukraina sharqiga ma’lum maqsad va rejalar bilan qo‘shin kiritdi. Kreml bu zo‘ravonlik orqali Kiyevni demilitarizatsiya qilishni ko‘zlagandi. Umuman olganda, barchasi NATOning sharqqa kengayishi va Rossiyaning biqiniga joylashish jarayoniga qarshi harakatlar ortidan sodir bo‘ldi. Xo‘sh, bu bilan Rossiya NATOni o‘ziga yaqinlashtirmaslik maqsadiga erishdimi? Yo‘q, albatta. Hatto buning aksi sodir bo‘ldi. Rossiyaning agressiv harakatlari unga shimoli-g‘arb tomondan chegaradosh bo‘lgan Finlandiya va bundan tashqari Shvetsiyaning “esi borida etagini yopishga” majbur qildi. Skandinaviyaliklar Rossiyaning Ukrainaga bosqini fonida kuchli xavfsizlik kafolatlariga muhtojlikni his qildi. Shunday qilib, Finlyandiya va Shvetsiya 2022 yilning 18 mayida NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan. 5 iyul kuni bu ikki davlat tashqi ishlar vazirlari va NATOga a’zo 30 ta davlat elchilari Shimoliy Atlantika ittifoqiga qo‘shilish to‘g‘risidagi protokollarni imzoladi. Biroq ratifikatsiya jarayoni ba’zi kelishmovchiliklar tufayli biroz cho‘zilib ketdi. Ikki nomzod davlat bu borada Turkiya bilan savdolashishiga to‘g‘ri keldi.
Kurdiston ishchilar partiyasi va qurol embargosi bilan bog‘liq shartlar tufayli Shvetsiya va Finlandiya qiyin ahvolda qoldi. Ammo xavfsizlik hamisha eng ustuvor masalalardan biri ekanligi ularni bu jabhada yon berishga majbur qildi. Talablar birin-ketin bajarildi. Ittifoqchi davlatlar Finlyandiyaning qo‘shilish protokolini o‘zlarining milliy protseduralariga muvofiq ratifikatsiya qilishdi va finlar 2023 yil 4 aprelda Shimoliy Atlantika Shartnomasining NATOning 31 ta a’zo davlati bo‘ldi. Shvetsiyaga esa Bryusseldagi NATO shtab-kvartirasida mamlakat bayrog‘ini ko‘tarish va alyansning 32-a’zo davlati bo‘lish 2024 yil mart oyida nasib qildi.
Oqibatda nima sodir bo‘ldi. Rus elitasi bunday siyosiy o‘zgarishdan nima yutdi-yu, nima yutqazdi? Rossiya suv va quruqlik orqali 2295 km chegarasi bo‘lgan qo‘shnisi Ukrainaning NATO bilan integratsiyasini to‘xtatib qolmoqchi bo‘lgan bo‘lsa, bu reja amalga oshmadi va aksincha bundan-da yomon oqibatlarga olib keldi deb bemalol ayta olamiz. Chunki bu urush NATOni Rossiya tomon yanada yaqinlashtirdi va Finlandiyaning alyansga a’zoligi 1340 km lik qo‘shimcha chegarani paydo qildi. NATO va Rossiyaning o‘zaro chegarasi hali bu qadar uzaymagandi. So‘nggi marotaba 2004 yilda Rossiya burnining tagiga kelgan harbiy ittifoqning mamlakat bilan oldingi 500 km chegarasi endi 1840 km ga yetdi. Bu esa Rossiya g‘arbiy chegaralari yuqori qismi endi to‘laqonli NATO ko‘z o‘ngida bo‘lishini anglatadi. Ukrainaga bostirib kirishning iqtisodiy oqibatlaridan ko‘ra harbiy-siyosiy oqibatlari juda og‘irroq bo‘ldi, negaki endi Rossiya dunyodagi eng qudratli harbiy-ittifoq bilan bir devorli qo‘shniga aylandi.
Shuningdek, Shvetsiya va Finlandiyaning alyansga qo‘shilishi ittifoqqa endilikda butun boshli Boltiq dengizini to‘laqonli o‘rab olish va uning ustidan de-fakto nazorat o‘rnatish imkonini ham taqdim qildi. Ustiga ustak joriy 2024 yilda NATOning Vashingtondagi sammiti yakunida qabul qilingan deklaratsiyaga ko‘ra, alyansning keyingi kengayish nuqtalari Qora dengiz va sharqiy Bolqon deya e’lon qilindi. Bu esa alyans va Rossiyaning endilikda suv orqali ham o‘zaro chegaralari yana uzayishidan dalolat beradi. Umuman olganda, xaritaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Rossiya va NATO o‘rtasida bugungi kunda quruqlik orqali Belarus va Ukraina davlatlari bufer zona sifatida saqlanib qolmoqda. Belarus Lukashenko rejimi ostida Ittifoqqa a’zo bo‘lish foizlari 0 ga teng bo‘lsa-da, Ukraina siyosiy elitasining asosiy orzu-maqsadi NATO shtab-kvartirasida Ukraina bayrog‘ini ilishdir. Buni amalga oshirish esa vaqt va sharoit masalasidir. Shunday qilib, NATOning shiddatli kengayishi va hozir uning Rossiya ostonasida turgani bugun insonni bir xulosaga yetaklaydi. 1949 yildan buyon davom etib kelayotgan bu kurashda Kreml va Putin to‘laqonli mag‘lub bo‘lib bo‘lgan. Endi uning kengayishiga qarshi chiqish imkonsiz.
LiveBarchasi