NATO ofisi rahbari so‘zidan qaytdi
Olam
−
17 avgust 2023
12419NATO Bosh kotibi idorasi rahbari Stian Yenssen Ukraina o‘z hududlarining bir qismini Rossiyaga berish evaziga alyansga a’zo bo‘lishi mumkinligi haqidagi bayonoti xatoligini tan oldi. Bu haqda Norvegiyaning VG gazetasi ma’lum qildi.
“Mening bu boradagi bayonotim Ukrainadagi kelajak ssenariylari haqidagi kengroq muhokamaning bir qismi bo‘lib, buni aytmasligim kerak edi. Bu xato fikr edi”, deya tushuntirish bergan Yenssen.
Aytish joizki, Yenssenning Ukraina Rossiya foydasiga o‘z hududlarining bir qismidan voz kechib, harbiy mojaroga barham bersa, NATOga qabul qilinishi mumkinligi haqidagi gaplari keng rezonansga sabab bo‘ldi. Masalan, Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Yenssenning bayonotini “qiziq” deb hisobladi.
“Yagona savol shundaki, ularning barcha hududlari juda ziddiyatli. Va blokka kirish uchun Kiyev ma’murlari hatto Qadimgi Rusning poytaxti Kiyevning o‘zidan ham voz kechishi kerak ", deb yozdi u Telegram-kanalida.
Shuningdek, Medvedev bu holatda Ukraina Lvovni poytaxt qilishiga to‘g‘ri kelishini qo‘shimcha qildi. U yerga Polsha da’vo qilayotganiga shama qildi.
Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova esa Yenssenning gaplarini yolg‘on deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yenssenning chiqishi Kiyevda keskin norozilikka sabab bo‘lgandi. Xususan, Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak bu ssenariyni “Putinning g‘alabasi” deb atadi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ham hududlar evaziga NATOga a’zo bo‘lish haqidagi gaplarni qabul qilib bo‘lmasligini bildirdi.
LiveBarchasi