NATO kengayishning to‘qqizinchi to‘lqiniga tayyorlanmoqda
Olam
−
30 iyun 2022
8286Shimoliy Atlantika alyansi kengayishning to‘qqizinchi to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bundan 73 yil avval 12 davlat tomonidan tuzilgan harbiy-siyosiy blok bugunga kelib 30 ta davlatni birlashtirdi.
Ikki Skandinaviya davlatining Turkiya bilan imzolagan uch tomonlama memorandumi tufayli Shvetsiya va Finlyandiyaning NATO a’zoligiga taklif etilgan davlatlar maqomini olishi ittifoqning yanada kengayishi mavzusini dolzarblashtirdi.
NATOning asosi Ikkinchi Jahon Urushidan keyingi davrda Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Fransiya va Buyuk Britaniya tomonidan jamoaviy mudofaa maqsadida imzolangan Bryussel pakti tomonidan qo‘yilgan. Biroq 1949 yil 4 aprelda Bryussel pakti o‘rniga AQSH, Kanada va Yevropaning 10 ta davlati tomonidan NATO bloki paydo bo‘ldi.
NATO bloki o‘zining “ochiq eshiklar” siyosatidan hech qachon voz kechmagan va so‘nggi 70 yillikda sakkiz marta kengayib, a’zo davlatlar sonini 30 taga yetkazgan.
Alyansga Yevropa davlatlaridan birinchi bo‘lib Islandiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Norvegiya, Daniya, Italiya va Portugaliya qo‘shildi. 1952 yil tashkilotga Gretsiya va Turkiya, 1955 yilda Germaniya a’zo bo‘ldi. 1982 yilda Ispaniya ittifoqqa qo‘shildi.
1999 yilda Chexiya, Vengriya va Polsha, 2004 yilda Bolgariya, Latviya, Litva, Estoniya, Ruminiya, Slovakiya hamda Sloveniya, 2009 yilda Albaniya va Xorvatiya, 2017 yilda Chernogoriya harbiy-siyosiy blokka a’zo bo‘ldi.
NATOning so‘nggi kengayishi 2020 yilda Shimoliy Makedoniyaning qo‘shilishi bilan amalga oshirildi.
NATOning “ochiq eshiklari” siyosatiga qaramay, tashkilotga qo‘shilish uzoq va ko‘p bosqichli protseduralarni o‘z ichiga oladi. Buning uchun alyansga a’zo 30 davlatning har birining roziligi talab qilinadi.
Qabul qilish jarayoni Shvetsiya va Finlyandiya misolida bo‘lgani kabi NATO rahbarlarining Ittifoqning yangi a’zosini taklif qilish qarori bilan boshlanadi.
Keyinchalik, Bryusselda nomzod mamlakatlarning alyansning siyosiy, huquqiy va harbiy parametrlariga muvofiqligi masalasi muhokama qilinadi. A’zo bo‘lishni xohlagan mamlakatning arizasida islohotlar bo‘yicha majburiyatlar ham bo‘ladi.
Shundan so‘ng, NATO Vashington shartnomasiga yangi qo‘shilish protokollarini tayyorlaydi. Ushbu protokollar Ittifoqqa a’zo mamlakatlar tomonidan imzolanadi va keyin mahalliy qonunlar hamda tartiblarga muvofiq ittifoqchilarning har biri tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Protseduralar tugagandan so‘ng, NATOga a’zo davlatlar Vashington shartnomasi saqlanadigan Qo‘shma Shtatlarni protokollarni tasdiqlash to‘g‘risida xabardor qiladi.
Ushbu bosqichlarning barchasi tugagandan so‘ng, NATO Bosh kotibi yangi a’zoni Ittifoqqa qo‘shilishga taklif qiladi.
Nomzod mamlakat ichki huquqiy tartib-qoidalarni bajarib, NATO blokiga qo‘shilish, ittifoqning to‘liq a’zosi bo‘lish to‘g‘risidagi hujjatni AQSHga topshiradi.
NATO dunyodagi eng qudratli harbiy alyans sifatida ko‘plab mamlakatlar bilan hamkorlik qiladi va o‘zaro o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazadi, harbiy mutaxassislar tayyorlab beradi. Jumladan, O‘zbekiston bilan ham 1994 yil 13 iyulda o‘zaro hamkorlik bitimi imzolangan.