Kurs UZS

USD

12 926.51

-9.17

EUR

14 092.48

-72.09

RUB

156.00

-2.8

Midweek: Taxt atrofini tozalayotgan Erdo‘g‘an, urushga tayyorlanayotgan Yevropa, erta turmush talvasasi

Tahlil

18 mart kuni butun dunyo kutgan telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda Putin Ukraina energetika ob’ektlari va infratuzilmaga zarba bermaslik taklifini qabul qilganiga qaramay, bir zumda Ukraina osmonida yana Shahed dronlari paydo bo‘lgani aytildi.

Yevropa gigantlari, jumladan Fransiya va Germaniya urush holatiga tayyorgarlikni boshlash arafasida.

Erdo‘g‘anning ashaddiy tanqidchisi va asosiy raqibi Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li maxsus operatsiyada qo‘lga olindi.

O‘zbekistonda qizlarni erta turmushga berish muammosi yana kuchaydi. Bunday holatlar 1 yil ichida 7 barobarga oshgan.

O‘tib borayotgan haftaning o‘rtasigacha jahon va O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Midweek dasturi.

Erdo‘g‘an Imomo‘g‘lini “surib tashlamoqchi”

“Respublika Xalq” partiyasi a’zosi Ekrem Imomo‘g‘li bir muddat oldin Anqarada so‘zlagan nutqida Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning davri tugaganini aytib, Erdo‘g‘an siyosati faqatgina yomonlik keltirganini, davlatda boshqaruv saroy tizimiga o‘tib ketganini, Turkiyaga saroy emas, aksincha, parlament kerakligini ta’kidlagandi. Uning bu chiqishi Turkiyaning “Respublika Xalq” partiyasidan prezidentlikka nomzodni aniqlash bo‘yicha birlamchi saylovlar o‘tkazish arafasida yangradi. 23 mart kuni mana shu ichki saylov o‘tkazilishi kerak edi. Ammo ko‘p ehtimol Imomo‘g‘li bu saylovda ishtirok eta olmaydi. Chunki u bugun, 19 mart kuni maxsus operatsiyada hibsga olindi. U 100 ga yaqin shaxs bilan birgalikda korrupsiyada ayblanmoqda.  

Aslida Imomo‘g‘lini yo‘ldan olish avvalroq boshlangandi. 18 mart kuni Istanbul universiteti Imomo‘g‘lining diplomini bekor qilganini e’lon qildi. Diplom berishda yo‘l qo‘yilgan xatolik tufayli qabul qilingan bu qaror Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, Imomo‘g‘lini prezidentlikka nomzodini qo‘yish huquqidan mahrum qiladi. Chunki Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun oliy ma’lumot talab etiladi, shu sababli ushbu qaror Imomo‘g‘lining saylovda qatnashish huquqini bekor qiladi. U bilan birga yana 27 kishining diplomlari ham haqiqiy emas deb topilgan. Bunga sabab sifatida esa 1990 yilda Imomo‘g‘lining Shimoliy Kipr universitetidan Istanbul universitetiga noqonuniy ravishda o‘qishni ko‘chirgani ko‘rsatilgan. Turkiyaning asosiy muxolifat partiyasi – “Respublika Xalq” partiyasi ushbu qarorga parlament darajasida norozilik bildirgan. Bunga javoban Istanbul universiteti Turkiya Oliy ta’lim kengashi Imomo‘g‘lining diplomini soxtalashtirilgan deb topgani va shu asosda bekor qilinganini e’lon qilgan. Ushbu masala yuzasidan barcha hujjatlar Istanbul prokuraturasiga qo‘shimcha tergov uchun topshirilishi aytildi.

Bugun esa Ekrem Imomo‘g‘lini  hibsga olish bo‘yicha order berildi. Turk mahalliy nashrlari Imomo‘g‘li, uning matbuot kotibi Murat Ongun va yana 100 ga yaqin kishini korrupsiyaga qarshi operatsiya doirasida qo‘lga olish qarori chiqarilgani xaqida xabar berdi. Shuningdek, shahar hokimining uyida tintuv boshlangan. Aytilishicha, u Medya A.Ş kompaniyasidagi davlat xaridlari va Kurdiston Ishchi partiyasi hamda “Respublika Xalq” partiyasi o‘rtasida tuzilgan “shahar kelishuvi” bilan bog‘liq ishlarda gumon qilingan. Shuningdek, Imomo‘g‘lining Sariyerdagi uyi atrofida ko‘plab politsiya xodimlari xavfsizlik choralarini ko‘rgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, uning uyida tintuv ishlari olib borilgan. CNN Turk'ning xabar berishicha, Ekrem Imomo‘g‘li va uning matbuot bo‘yicha maslahatchisi Murat Ongun maxsus operatsiya davomida hibsga olinib, sudga olib ketildi. Ish doirasida jami 100 nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida tergov qilinmoqda. Imomo‘g‘lining hibsga olinishi ortidan Turkiyada ba’zi ijtimoiy tarmoqlar ishlamay qolgani aytilmoqda. “NetBlocks” xalqaro internet-monitoring xizmati X ijtimoiy tarmog‘ida Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olingani haqidagi xabarlardan so‘ng bir nechta ijtimoiy tarmoq platformalariga kirish cheklangani haqida xabar berdi.

Suveren davlat ustidagi “otamlashuv”

Donald Tramp butun dunyo kutgan telefon suhbatidan oldin 17 mart kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Putin bilan gaplashishdan oldin allaqachon ko‘plab masalalar kelishib olinganini ma’lum qildi. shundan so‘ng qator OAV bo‘lajak suhbat va uning ssenariysi haqida taxminlar bildira boshladi. CNN va “Associated Press” axborot agentliklari Putin va Tramp o‘rtasidagi muzokaralar “hududlar” va “energetika stansiyalari”ga qaratilishi haqida xabar berdi. “Reuters” esa Tramp va Putin o‘rtasida rejalashtirilgan muzokaralarda Rossiya kuchlari tomonidan bosib olingan Zaporoje AES ustidan nazorat masalasi ham ko‘tarilishi mumkinligini taxmin qilgandi. Eng qizig‘i, Amerikaning “Semafor” nashri muhokamalardan xabardor ikki manbaga tayanib, Tramp ma’muriyati Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtatish bo‘yicha kelajakdagi kelishuvning bir qismi sifatida Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar qildi. Xabarda Oq uy hatto BMTni ham shunday qilishga chaqirish imkoniyatini muhokama qilishi mumkinligi ham qo‘shimcha qilingan. AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffning esa Vashington va Moskva Qora dengizdagi portlarga chiqish masalasini muhokama qilishini ochiqladi.

Shu tariqa 18 mart kuni bir suveren davlat ustidagi ikki mamlakat rahbarining muloqoti boshlandi. Suhbat Moskva vaqti bilan taxminan soat 17:00 da boshlangan va ikki yarim soat davom etgan. Muloqot davom etayotgan paytda Oq uy apparati rahbarining o‘rinbosari Den Skavino uni “yaxshi o‘tmoqda” deb ta’kidlagan.

Bu suhbat Donald Tramp Oq uyga qaytganidan beri Rossiya va AQSH Prezidentlari o‘rtasidagi ikkinchi muloqot bo‘ldi. Avvalgi suhbat 12 fevral kuni bo‘lib o‘tgan va bir yarim soat davom etgandi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov suhbatning asosiy mavzusi ikki tomonlama munosabatlar va Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish masalalari bo‘lishini ma’lum qildi. Biroq u muzokaralar yakunida Prezident Putinning bayonot berishi rejalashtirilmaganini bildirdi. Biroz o‘tib esa Kreml matbuot xizmati qo‘ng‘iroq tafsilotlarini ochiqladi.

Qayd etilishicha, liderlar Ukraina atrofidagi vaziyat yuzasidan batafsil va ochiq fikr almashuvni davom ettirgan. Vladimir Putin jangovar harakatlarni va insoniy talafotlarni to‘xtatish yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun Donald Trampga minnatdorlik bildirgan. Putin va Tramp suhbatida 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish tashabbusi doirasida jangovar harakatlar chizig‘ida o‘t ochishni haqiqatan ham nazorat qilish, Ukrainada majburiy safarbarlik va harbiy kuchlarni qayta qurollantirishni to‘xtatish kabi masalalar ko‘tarilgan. Kreml matbuot xizmatining xabar berishicha muzokaralar chog‘ida mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilish va uning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun eng muhim shart bu Ukrainaga harbiy yordam va razvedka ma’lumotlarini berishni butunlay to‘xtatish ekani alohida qayd etilgan.

Bundan tashqari, yana qator masalalar, jumladan, Kurskdagi ukrainalik askarlar taqdiri, energetika tizimiga zarba berishni to‘xtatish, Qora dengizda kemalar xavfsizligini ta’minlash va asirlar almashinuvi kabilar xususida ham gaplashilgan. Jumladan, Donald Trampning Kursk viloyatida qurshovda qolgan ukrainalik harbiylarning hayotini saqlab qolish haqidagi iltimosiga javoban, Vladimir Putin Rossiya ularni insonparvarlik nuqtai nazaridan asirlikka olishi va harbiy asirlarga nisbatan xalqaro huquq normalari doirasida munosabatda bo‘lishini tasdiqlagan. Muloqot davomida Donald Tramp 30 kun davomida energetika infratuzilmasiga zarba berishdan voz kechish taklifini ilgari surgan. Vladimir Putin bu tashabbusga ijobiy munosabat bildirgan va Rossiya harbiylariga zudlik bilan tegishli ko‘rsatmalar bergan. Shuningdek, Rossiya Prezidenti Donald Tramp ilgari surgan Qora dengiz akvatoriyasida kemalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mashhur tashabbusni amalga oshirish taklifiga ham konstruktiv yondashgan. Bu borada muzokaralar o‘tkazilib, tafsilotlarni qo‘shimcha ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Yana bir eng muhim nuqtalardan biri esa asirlar almashinuvi bo‘lgan. Vladimir Putin 19 mart kuni Rossiya va Ukraina tomonlari o‘rtasida 175 ga 175 shaklida harbiy asirlarni almashish rejalashtirilganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, Rossiya gospitalida davolanayotgan 23 nafar og‘ir yarador ukrainalik harbiylar insonparvarlik harakati sifatida Ukrainaga topshiriladi.

Ammo Tramp va Putinning telefon muloqotida gaplashilgan va kelishilgan masalalar ichida eng nozigi – energetika va infratuzilmaga zarba bermaslik kelishuvi zaifligicha qolmoqda. Chunki ikki o‘rtadagi telefon muloqotidan bir necha soat o‘tar-o‘tmas, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat osmonida 40 ga yaqin dron parvoz qilayotganini va ulardan biri Sumidagi shifoxonaga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berganini ma’lum qildi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar aynan tinch aholi infratuzilmasiga yo‘naltirilgan. U Rossiya kelishuvni bir zumda buzganiga ishora qilib, Trampni Putin aslida nima reja qilayotganini anglashga chaqirdi.

Urushga tayyorlanayotgan Yevropa

Yevropaning ikki yetakchisi – Germaniya va Fransiya ba’zi jabhalarda urush holatiga tayyorlanishni boshlayapti. Bavariya sog‘liqni saqlash vaziri Yudit Gerlax butun Germaniyada sog‘liqni saqlash tizimi urush sharoitida harbiylar va fuqarolarga birdek tibbiy yordam ko‘rsatishga tayyor bo‘lishi kerakligini aytdi. Gerlaxning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Rossiyadan kelayotgan harbiy tahdid bilan tobora ko‘proq yuzma-yuz kelmoqda. Shu bilan birga, AQSHning xavfsizlik bitimidan chiqish ehtimoli bunday tayyorgarlik zaruratini yanada oshiradi. U nafaqat mudofaa, balki fuqarolik sektori ham har qanday inqirozlarga, jumladan harbiy mojarolarga tayyor bo‘lishi lozimligini ta’kidlab, Germaniya uzoq yillar davomida global silkinishlarga qarshi himoyaga yetarlicha e’tibor qaratmagani va shu bois endilikda bu kamchilikni zudlik bilan to‘ldirish kerakligini aytdi. Gerlaxning fikricha, armiyani modernizatsiya qilish bilan birga fuqarolik mudofaasini ham mustahkamlash, urush holatida aholiga uzluksiz yordam ko‘rsatishni ta’minlash muhim ahamiyatga ega. U shuningdek, tibbiyot tizimini favqulodda vaziyatga tayyorlash muhimligini alohida ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, urush sharoitida 80 million aholiga tibbiy va hamshiralik yordamini ko‘rsatish qobiliyati asosiy vazifalardan biri bo‘lib qoladi. Shu bois Bavariya hukumati allaqachon shifoxonalardan favqulodda vaziyatlar bo‘yicha ogohlantirish tizimi va tezkor rejalar haqida ma’lumot taqdim etishni talab qilgan.

Fransiya esa tayyorgarlikni urush sharoitida omon qolish bo‘yicha qo‘llanma tayyorlashdan boshlashi haqida xabar tarqaldi. Qayd etilishicha, hukumat urush davrida omon qolish uchun aholiga qo‘llanma tayyorlamoqda. Bu 20 sahifadan iborat qo‘llanma bo‘lib, unda mamlakat aholisi xavf tug‘ilganda nima qilishi kerakligi batafsil bayon etiladi. Shuningdek, hukumat mamlakat hududida urush yoki boshqa har qanday inqirozli vaziyat yuzaga kelganda omon qolish uchun nafaqa puli ham ajratadi. Xabarlarga ko‘ra, qo‘llanmada Fransiya hududidagi ehtimoliy harbiy harakatlar, shuningdek, tabiiy ofatlar va epidemiyalar paytida qanday zarur choralar ko‘rish haqida gap boradi. Rasmiylar uni joriy yilning yoziga qadar barcha aholiga tarqatish niyatida ekanligi aytilmoqda. Ma’lum qilinishicha, ushbu qo‘llanma uch qismga bo‘linadi. Birinchisi inqirozli vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rishga bag‘ishlanadi.  Bu suv va konservalarni g‘amlash, dori qutisini tayyorlab qo‘yish kabi instruksiyalarni o‘z ichiga oladi. Ikkinchisi bevosita inqirozli vaziyatda harakatlar ro‘yxati – masalan, yadroviy halokat yoki yadroviy zarba paytida boshpana topish haqida bo‘ladi. Uchinchisida esa – jamoaga har qanday inqirozdan keyin tiklanishga yordam berish uchun qanday qilib turli otryadlarga jumladan, harbiy, sanitariya yoki kommunal xizmatlarga yozilish haqida tushuntirishlar bo‘ladi.

Albatta, bunday harakatlar va tashabbuslar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. Barchasi joriy yilning 20 yanvarida Tramp inauguratsiyasidan so‘ng boshlandi. Qit’a xavfsizligi borasidagi qarashlarning tubdan o‘zgarishi, Oq uyning Kremlga muloyim munosabatda bo‘layotgani va hokazolar Yevropa yetakchilarida qator xavotirlar uyg‘otdi.Trampning kutilmagan xatti-harakatlari ortidan Parij va Londonda qisqa muddat oralig‘ida chaqirilgan ikkita sammitning o‘zi ham Yevropa rasmiylarining bundan buyog‘iga ancha hushyor tortganidan dalolat edi. Qit’a o‘z mudofaasi uchun 800 milliarddan ortiqroq mablag‘ sarflashga tayyorligi, Ukrainani mustaqil qo‘llab-quvvatlashga kirishgani buni tasdiqlaydi. Shu bois endilikda yetakchilar, xususan, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron fikricha, Fransiya Ukrainaga yordam berish hamda o‘z fuqarolari va butun Yevropa xavfsizligi uchun jiddiy qarorlar qabul qilishi kerak bo‘ladi.

Erta turmush talvasasi

O‘zbekistonda erta turmush 2024 yilda 2023 yilga nisbatan 7 baravarga ko‘paygan. Bu haqda 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisida senator Gulnora Ma’rufova ma’lum qildi. Senatda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi. Senator Gulnora Ma’rufova yoshlar orasida erta turmush 2024 yilda 300 ga yaqin bo‘lgani va bu o‘tgan 2023 yilga nisbatan 7 baravarga ko‘payganini qayd etib, bunday nikohlarning aksariyat qismi qizlarning ixtiyorisiz, ota-onalar yoki qarindoshlarning bosimi ostida bo‘layotganini ta’kidladi.

“Bu borada qanday yangiliklar bor va qanday ta’sirchan choralar ko‘rilyapti, qanaqa takliflar bor?”, deya Xotin-qizlar qo‘mitasi vakiliga savol berdi Gulnora Ma’rufova.

Senator Gulnora Ma’rufovaning mazkur savoliga Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova javob berdi. Qo‘mita raisi o‘rinbosari keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, bunday nikohlarning 70 foizida ota-ona, 26 foizida esa sevgi-muhabbat sabab qilib ko‘rsatilgan. Bunda, shuningdek, erta homila 3,4 foiz, diniy qarashlar esa 1,5 foiz ulushga egaligi aytildi.

“Haqiqatan ham bu yil o‘tgan yilga nisbatan erta nikohlar keskin oshgan. Bu yanayam mahalla faollarining, ijtimoiy himoya xodimlarining uyma-uy kirib, ishga mas’uliyat bilan yondashib, holatlarni aniqlaganida ko‘rindi. Biz mazkur masala bo‘yicha mas’ul tashkilotlar bilan kelishgan holda ish olib bordik va o‘rganishlarda nikohlarning 70 foizida ota-ona sababchi ekani, 26 foizda bunga sevgi-muhabbat sabab qilib ko‘rsatilgani, 3,4 foizda esa homila bilan bog‘liqligi, 1,5 foizi esa diniy qarashlar bilan aloqador ekani bilan izohlangan”, deydi Mukarram Nurmatova.

Mukarram Nurmatovaga ko‘ra, Oila kodeksining 15-, 16- moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ish olib borilgan. Qonunchilik bo‘yicha ayni holat bilan bog‘liq ayrim istisno paytlarda tuman va shahar hokimlari erta nikoh qurish uchun ruxsat beradi. Lekin, loyihaga ko‘ra, endilikda agar shunday zarurat bo‘lsa, ya’ni bola tug‘ilishi, homiladorlik, voyaga yetmagan shaxsning muomalaga to‘la layoqatli deya e’lon qilinganda nikoh yoshini ko‘pi bilan 1 yilga kamaytirishga ruxsat beriladi. Shuningdek, bunday holat uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 473-moddasida nazarda tutilgan jarimani ham oshirish taklif qilinmoqda.

Quyidagilar uchun jarimalar miqdorini oshirish belgilanmoqda:

  • nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish – BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3,4 million so‘mdan 5,1 million so‘mgacha). Amalda BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha;
  • ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish – BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha (5,1 million so‘mdan 6,8 million so‘mgacha);
  • nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida, shu jumladan, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish, ya’ni voyaga yetmagan shaxs bilan sha’riy nikoh – BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha aniqroq qilib aytganda 6,8 million so‘mdan 10,2 million so‘mgacha oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Albatta, erta nikoh ko‘rsatkichlari bir yilda naqd 7 barobarga oshishi – bu juda xavfli tendensiya. Mazkur holat uzoq muddatli davrda millat genofondiga ham ma’lum darajada ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Dunyo miqyosida esa turmush qurish uchun optimal yosh chegaralari bo‘yicha ko‘plab tadqiqot va kuzatuvlar o‘tkazilgan. Shundaylardan biri amerikalik tadqiqotchi, Yuta universitetining oila masalalari va sotsiologiya bo‘yicha professori Nikolas Volfingerning tadqiqotidir. U tomonidan olib borilgan tekshiruvlar 28 va 32 yosh oralig‘ida turmush qurgan odamlarda ajrashish ehtimoli  juda kam ekaniga e’tibor qaratadi. Ilm-fanga ko‘ra, bu turmush qurish uchun ideal yosh ekani ta’kidlangan. Biologik jihatdan esa turmush qurish uchun eng yaxshi yosh erkaklarda ham, ayollarda ham minimal 25 bo‘lishi kerakligi aytiladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Ukraina Vladimir Zelenskiy erta turmush Ekrem Imomo'g'li Frantsiya va Germaniya MIDWEEK

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing