“Nasaf” vakili samarqandliklarni bo‘ralab so‘kdi

Sport

image

Kecha, 6 iyul kuni Samarqandda viloyat sharafini himoya qiluvchi “Dinamo” va Qarshining “Nasaf” klublari o‘rtasida 15-turning markaziy bahslaridan biri bo‘lib o‘tdi. O‘yin davomida ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini “Nasaf” klubining matbuot xizmati xodimi sifatida tanishtirgan Sarvar O‘ktamzoda Samarqand klubini va butun viloyat aholisini haqorat qilib, X ijtimoiy tarmog‘ida postlar qoldirdi.

Mazkur holat yuzasidan “Dinamo” klubi matbuot xizmati munosabat bildirdi. Unda “Dinamo” PFK Qarshining “Nasaf” jamoasi matbuot xizmati xodimi, klub rasmiysi Sarvar Bobonazarovning ijtimoiy tarmoqlar orqali raqib jamoa va butun viloyat sha’niga bildirgan haqoratli fikrlari bo‘yicha “Nasaf” PFKdan rasmiy tushuntirish so‘rashi ma’lum qilingan.

Xususan, Superliga 15-turi doirasidagi “Dinamo” va “Nasaf” (2:2) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin Qarshi klubi matbuot xizmati vakili Sarvar O‘ktamzoda (Bobonazarov) X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida (3672 obunachiga ega) Samarqanddagi o‘yinda VAR texnikasi Jizzaxdan yetib kelmagani sababli mezbon klub sifatida Samarqand jamoasini haqoratlagan. Ayniqsa, uning samarqandliklarni tahqirlovchi haqorati turli ijtimoiy tarmoqlar, guruhlarda keskin muhokamaga sabab bo‘lmoqda. 

“Nasaf” PFK matbuot xizmati vakili, Qarshidagi “Markaziy” stadioni suxandoni Sarvar O‘ktamzoda (Bobonazarov) tomonidan muxlislar o‘rtasida adovatni qo‘zg‘ovchi, keskinlikka sabab bo‘layotgan bildirilgan fikrlar bo‘yicha “Dinamo” PFK “Nasaf” klubidan rasmiy tushuntirish so‘raydi. Klub bu borada qat’iy chora ko‘rishni talab qiladi”, deyiladi munosabatda. 

Shuningdek, “Dinamo” matbuot xizmati “Nasaf” matbuot xizmati vakili Sarvar O‘ktamzoda bo‘yicha tegishli idoralarga murojaat qilish bo‘yicha ish olib borilayotganini ma’lum qilgan. 

“Bunday hatti-harakatlar klublar o‘rtasidagi munosabat sovuqlashishi, muxlislar o‘rtasidagi yomon oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini unutmaslik shart”, deyiladi xabarda.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga ko‘ra, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha (7,5 mln so‘mdan 15 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, mazkur bahsdan so‘ng, “Dinamo” 29 ochko bilan 2-o‘rinda, “Nasaf” esa 33-ochko bidan 1-pog‘onada bormoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Dinamo Nasaf

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing