“Dinamo”ning sobiq darvozaboni qidiruvga berildi

Sport

image

Rossiya IIVning qidiruv bazasiga ilgari Rossiyada Moskvaning “Dinamo”, “Rostselmash”, “Jemchujina”, “Luch-Energiya” va boshqa jamoalarida o‘ynagan Belarus terma jamoasining sobiq darvozaboni Gennadiy Tumilovich qo‘shildi. Bu haqda Belarus OAVlari xabar berdi. 

OAVning nega qidiruvga tushgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi savoliga Tumilovich shunday javob bergan:

“Men qonunga bo‘ysunuvchi insonman, qonunlarni buzmayman, hatto tasavvur ham qilolmayman. Agar men Isroilda bo‘lsam, meni qidirib nima qilishadi? Mayli, qo‘ng‘iroq qilishsin, hatto manzilimni ham qoldiraman. Lekin avval ular mendan nima xohlashayotganini bilib olish kerak”.

Tumilovichning aytishicha, sportdan tashqari uni umuman hech narsa qiziqtirmaydi. Rossiyada ham, Belarusda ham nima bo‘layotganini hamma juda yaxshi tushunib turibdi va bu yerdan turib nimanidir gapirish yoki muhokama qilish shunchaki vaqtni yo‘qotish.

Ma’lumot uchun, 2025 yilning noyabr oyida Tumilovich bergan intervyudan parcha OAVda keng tarqalgan edi. O‘shanda u og‘ir hayot vaziyatida ekanini aytgan. 

“Ochig‘ini aytganda, umuman yashagim kelmayapti. Hozir shunday og‘ir ahvoldaman”, degan 54 yoshli sobiq futbolchi.

Qiyinchiliklarga qaramay, Tumilovich hech qanday holatda na Rossiyaga va na Belarusga qaytish niyati yo‘qligini bildirgan. 

“Hech qachon. Na Piter, na Belarus hech qanday ko‘rinishda ko‘rib chiqilmayapti. Undan ko‘ra shu yerda, dengiz bo‘yida o‘lganim ma’qul, ammo orqaga qaytmayman”, degan ilgari Rossiyada, jumladan, Peterburgning plyaj futboli bo‘yicha “Kristall” jamoasida bosh murabbiy bo‘lib ishlagan Tumilovich.

Shu bilan birga, u o‘z pozitsiyasi Ukrainadagi harbiy nizo bilan bog‘liqligini tasdiqlagan: 

“Ha. Men shundoq ham bu aqlsizlikka juda uzoq chidadim. Plyajda yashab, daydib yurgan ma’qul”. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing