“Nasaf”ning Chempionlar ligasidagi raqiblari ma’lum bo‘ldi
Sport
−
11:32 2213 2 daqiqa
Bugun, 18 avgust kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida Osiyo Chempionlar ligasi 2 musobaqasiga qur’a tashlanadi. Unda Qarshining “Nasaf” jamoasi “A” guruhidan o‘rin oldi.
Qur’a natijasiga ko‘ra, “Nasaf”ga Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Vahda” jamoasi, Quvaytning “Kuvayt SK” hamda Bahraynning “Al G‘oldiya” klublari raqib bo‘ladi.
“A” guruhi:
- “Al-Vahda” (BAA)
- “Nasaf” (O‘zbekiston)
- “Kuvayt SK” (Quvayt)
- “Al Holdiya” (Bahrayn)
2026-2027 yilgi OFK Chempionlar ligasi 2 musobaqasi Osiyodagi klublar o‘rtasidagi ikkinchi darajali musobaqa hisoblanadi.
“Nasaf” ushbu musobaqada ikkinchi marta ishtirok etadi. Qarshi klubi 2024-2025 yilgi mavsumda ham OFK Chempionlar ligasi 2 guruh bosqichida qatnashgan va “Kuvayt SK”, BAAning “Shabab Al-Ahli” hamda Iordaniyaning “Al-Husayn” klublari bilan bir guruhdan joy olgan edi.
Qizig‘i, “Nasaf” va “Kuvayt SK” o‘rtasida Osiyo musobaqalarida avval ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan. 2011 yilda aynan shu ikki jamoa OFK Kubogi finalida to‘qnash kelgan va “Nasaf” 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, klub tarixidagi ilk xalqaro sovrinini qo‘lga kiritgan.
2026-2027 yilgi OFK Chempionlar ligasi 2 guruh bosqichining birinchi turi joriy yilning 15 sentyabrdan start oladi. Guruh bosqichi dekabr oyiga qadar davom etadi, shundan so‘ng eng yaxshi jamoalar pley-off bosqichiga yo‘l oladi.
Live
Barchasi