“Nasaf” ikki karra O‘zbekiston Superkubogi sohibiga aylandi

Sport

image

Bugun, 24 avgust kuni Jizzaxda futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superkubogi doirasidagi final bahsida “Paxtakor” va “Nasaf” jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi. O‘tgan mavsumda O‘zbekiston chempioni bo‘lgan Toshkent klubi hamda kubok egasiga aylangan Qarshining “Nasaf” jamoasi o‘rtasida kechgan bahs 2:1 ko‘rinishida qashqadaryoliklar foydasiga hal bo‘ldi.

Uchrashuvning 7-daqiqasida “Paxtakor” futbolchisi Pshemislav Banashak Dragan Cheranning mohirona uzatmasini golga aylantirib, hisobni ochgan bo‘lsa, 42-daqiqada Oybek Bozorov hisobni tenglashtirib, “Nasaf”ning o‘yindagi ilk goliga mualliflik qildi.

Bahsning dastlabki 45 daqiqaligi 1:1 ko‘rinishida yakunlandi.

Ikkinchi bo‘lim to‘liq Qarshi klubi ustunligida o‘tdi. O‘yinning 65-daqiqasida Marko Stanoyevich “sherlar” darvozasini ishg‘ol qilib, “Nasaf”ga Superkubokni keltirgan g‘alaba golini o‘z nomiga rasmiylashtirdi. 

Shu tariqa, “Nasaf” 2:1 hisobi bilan “Paxtakor”dan ustun keldi va o‘z tarixidagi ikkinchi O‘zbekiston Superkubogini qo‘lga kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

Paxtakor Nasaf

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing