Saudiya Arabistonida karantin jarimasining qiymati keskin oshirildi
Olam
−
08 may 2020
7127Saudiya hukumati koronavirus tarqalishiga qarshi kurash uchun joriy etilgan cheklovlarning bajarilishini nazorat qiluvchi maxsus politsiya bo‘linmasini tashkil etishga qaror qildi. Bu haqda qirollik yangiliklari agentligi xabar bermoqda.
“Politsiya karantin tadbirlarining bajarilishini nazorat qiladi va beshdan ortiq kishining yig‘ilishiga to‘sqinlik qiladi. Jamoat va xususiy joylarda, shu jumladan, bir oilaning a’zolaridan iborat bo‘lgan uylar va do‘konlarda yig‘ilishlar taqiqlanadi. Qoidabuzarlar 100 ming rial (27 ming dollar) miqdorida jarima bilan jazolanadi”, deyiladi xabarda.
Saudiya Arabistonida koronavirus bilan kasallanish soni tez sur’atlar bilan o‘sishda davom etmoqda va arab dunyosida eng katta ko‘rsatkichga ega hisoblanadi. Saudiya Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 7 may kuni pandemiya boshlanganidan beri kasallanganlarning umumiy soni 33,7 ming kishidan oshdi. Kuniga 1793 yangi infeksiya holati aniqlandi. Vafot etganlar soni 219 nafarga yetdi. 7 798 bemor sog‘ayishga muvaffaq bo‘ldi.
Saudiya hukumati karantin choralari ko‘rilmasa, koronavirus bilan og‘rigan bemorlarning soni 200 mingdan oshishi va sog‘liqni saqlash tizimi bemorlar bilan ishlashni uddalay olmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi