Namoyishlardan so‘ng Erdo‘g‘an Bilgi universitetini yopish haqidagi qarorini bekor qildi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Istanbuldagi xususiy Bilgi universitetini yopish haqidagi farmonni talabalar noroziligidan keyin bekor qildi. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.

Universitet faoliyatini to‘xtatish haqidagi qaror 21 may kuni imzolangan bo‘lsa, uni bekor qiluvchi yangi farmon 24 may kuni Turkiya hukumatining rasmiy gazetasida e’lon qilingan.

Rasmiylarga ko‘ra, liberal qarashlari bilan tanilgan universitetni yopish qarori mamlakatning oliy ta’lim to‘g‘risidagi qonunining 11-moddasi asosida qabul qilingan. Mazkur norma universitetlararo kengash faoliyatini tartibga soladi. OAV esa qonunda ta’lim sifati yetarli bo‘lmagan xususiy oliygohlarni yopish imkoniyati ham nazarda tutilganini yozmoqda.

Talabalarni davlatga qarashli Mimar Sinon nomidagi Tasviriy san’at universitetiga o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Shuningdek, Bilgi universiteti ta’sischi jamg‘armasi tashqi boshqaruvga topshirilgani ham aytilgan.

Universitetni yopish qarorini bekor qildirishga talabalar va ayrim o‘qituvchilarning uch kun davom etgan ommaviy norozilik namoyishlari sabab bo‘ldi. 24 may kuni universitet kampusidagi mitinglarda mingga yaqin kishi qatnashgan. O‘nlab talabalar universitet binosini egallab olgan, keyinchalik ularni politsiya olib chiqqan.

Britaniyaning BBC korporatsiyasining turk xizmati yozishicha, Bilgi universitetini yopish qarori 2025 yil sentyabridan beri Istanbuldagi yirik kompaniyaga qarshi olib borilayotgan firibgarlik va soliqdan bo‘yin tovlash ishi doirasida qabul qilingan. 120 dan ortiq kompaniyani birlashtirgan holding 2019 yildan buyon universitet homiysi bo‘lib kelgan.

1996 yilda tashkil etilgan Bilgi universitetida hozir 20 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Oliygohda sakkizta fakultet va 150 dan ortiq ta’lim dasturi mavjud. Universitet Yevropa Ittifoqining “Erasmus” talabalar almashinuvi dasturida ham ishtirok etadi.

Bu Turkiyada universitet yopilishi bilan bog‘liq birinchi mojaro emas. 2020 yilning iyun oyida Erdo‘g‘an farmoni bilan sobiq bosh vazir Ahmet Dovuto‘g‘li bilan aloqador Istanbul Shahar universiteti ham yopilgan edi.

O‘shanda rasmiylar universitet moliyaviy muammolar sabab faoliyatini davom ettira olmasligini bildirgan. Talabalar esa Marmara universitetiga o‘tkazilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Bilgi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing