Namoyishlarda qatnashgan 545 kishiga hukm o‘qildi

Olam 41759
image
-

Qozog‘iston sudlari yanvar oyidagi tartibsizliklar bo‘yicha jinoiy ishlar bo‘yicha 545 kishiga hukm o‘qidi. Bu haqda bugun, 18 iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Qozog‘iston Bosh prokuraturasi jinoiy ayblov xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Yeldos Qilimjonov ma’lum qildi. 

"Yanvar voqealari bo‘yicha jami 429 ta jinoyat ishi sudga yuborilgan bo‘lib, ularda 545 nafar shaxs hukm qilingan. 83 nafar sudlanuvchi davlat mansabdor shaxslariga [nisbatan] zo‘ravonlik qilish, mulkni vayron qilish bilan bog‘liq og‘ir jinoyatlarni sodir etganliklari uchun qamoq jazosiga hukm qilingan. Bundan tashqari, ular yetkazilgan zararni qoplamagan”, deydi Qilimjonov. 

Unga ko‘ra, hozirda 349 nafar gumonlanuvchi hibsda saqlanmoqda. Aniqlanishicha, ular qirg‘in, binolarga o‘t qo‘yish, qurol-yarog‘ o‘g‘irlash, davlat ob’ektlariga va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga qurolli hujum uyushtirishda qatnashgan. 

Bosh prokuratura vakilining qayd etishicha, tartibsizliklarda respublika sudi tomonidan ekstremistik deb tan olingan “Qozog‘istonning demokratik tanlovi” (QDT) tashkiloti tarafdorlari ishtirok etgan. 

"O‘sha kunlarda Qozog‘istonda faoliyati taqiqlangan QDT ekstremistik tashkiloti tarafdorlari ommaviy tartibsizliklarda faol qatnashgan. Chimkentda sud hukmi bilan ushbu taqiqlangan tashkilotning uch nafar tarafdori 3 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Ular nafaqat ommaviy tartibsizliklarda qatnashishga chaqirishdi, balki shahar hokimligi binosiga ham hujumlar uyushtirib, talonchilik bilan davlat mulkiga zarar yetkazishdi”, deydi prokuratura vakili. 

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda joriy yilning yanvar oyi boshida sodir bo‘lgan qonli yanvar voqealari bo‘yicha 5065 ta tergovga qadar tekshiruvlar ro‘yxatga olingandi. Fojiaviy namoyishlarda 232 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mingdan ortiq kishi tan jarohati olgan.

Qozog‘istondagi namoyish

Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, namoyishchilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi.

5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.

7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi. 

13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ochiqladi.

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 495
Reyting: 3
Teglar
t
×