Meni o‘ldirmasliklarini so‘radim – “Qonli yanvar” shohidi

Intervyu

2022 yil 4 yanvar. Bu kun zamonaviy Qozog‘iston tarixida mash’um kun sifatida tarixda qoldi. “Qonli yanvar” voqealarining debochasi bo‘lgan shu kunda Qozog‘istonning Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan komendantlik soati ham e’lon qilindi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, tartibsizliklar oqibatida mamlakat iqtisodiga hozirgacha yetkazilgan zarar 40 millard tenge (91 mln dollar)ga baholangan.

Namoyishlar 4 yanvarda avj olib, mamlakat bo‘ylab tarqaldi, 5 yanvar kuni butun Qozog‘istonda favqulodda holat e’lon qilindi. Qurolli to‘qnashuvlar o‘z vaqtida axborot maydonidagi urush va dezinformatsiyaga ham yo‘l ochdi. Ijtimoiy tarmoqlar ro‘y-rost xabarlar, rasmiy bayonotlar qatorida yolg‘on, qoralovchi, bir taraflama, terroristik va ekstremistik ruhdagi ma’lumotlar bilan to‘lib toshdi. Ayni vaziyat o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib olmoqchi bo‘lgan taraflar va shaxslarga qo‘l keldi. 

Yolg‘on va dezinformatsion xabarlar ortidan mamlakatda internet uzildi. Jurnalistlar suvsiz, havosiz qolgandek bo‘ldi. 

Jurnalistlar vazifasini to‘g‘ri, xolis axborotni berish, gap-so‘zlarga ishonmay, voqeani o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib yoritish. Ular uchun havoning issiq-sovug‘i, kun-tun farq etmagani kabi, suronli davrlarda OAV xodimlarining mas’uliyati yanada ortadi. Xuddi qahramonimiz Alyona Miroshnichenko kabi. U ham tashqarida o‘q ovozi eshitilib tursa-da, odamlarning ko‘zi qonga to‘lib, mamlakatning muhim ob’ektlariga o‘t qo‘yilib, o‘g‘ri bilan to‘g‘rini ajratish qiyin bo‘lib qolgan paytda ham qurol-aslahalarini, fotoapparati, qog‘oz-qalamini qo‘liga oldiyu ko‘chaga otildi. Jur’at, jasorat, jurnalistlik shijoati, kasbiy burch uni bir dam bo‘lsa ham “qaytib kelmasam-chi”, degan o‘y bilan yuzlashtirgani yo‘q. Ha, u qaytdi, faqat qo‘l-oyog‘i o‘ziga bo‘ysunmay, tanasi momataloq bo‘lgancha... 

O‘rmonga o‘tsa ketsa, ho‘lu quruq birga yonadi deganlaridek, o‘sha kuni qurollangan odamlar Alyona Miroshnichenkoni ham do‘pposladi, telefonini sindirdi, boshiga to‘pponcha tiradi. Olmaota aeroportidagi holatni yoritish uchun borgan Miroshnichenkoning ko‘z o‘ngida o‘nlab avtomobillar yonib ketdi. U holatni har tomondan kuzatish va videoga olish harakatida edi, uni payqab qolishdi. Jurnalistga egnidagi press yozuvli nimchasi ham yordam bermadi.

“Holatni tasvirga olish uchun bordim va meni payqab qolishdi. Olamondagi odamlar orqamdan quva boshladi. Egnimdagi press yozuvli nimcha meni sotib qo‘ydi. Orqadan dubinka bilan oyog‘imga urishdi va men yiqildim. Peshonamga to‘pponcha tiraganlarida esa meni o‘ldirmasliklarini iltimos qildim. Qo‘rquv va stressdan yomon ahvolga tushib qoldim. Ular qo‘limdagi telefonimni olib, sindirib tashlashdi”, deydi Alyona Miroshnichenko

Bo‘lgan voqealar haqida gapirib bergan jurnalist unda og‘ir psixologik jarayonlar kechganini yashirmadi. U ancha vaqtga qadar dorilarsiz uxlay olmaganini aytadi. Uydan chiqishga ham qo‘rqib qolgan Alyona psixologik markazlardan yordam oladi.

“Menda og‘ir psixologik jarayonlar boshlandi. Ovozlarni eshitib deraza va eshiklarni yopib olishga o‘tdim. O‘sha qo‘rquv hozirgacha saqlanib qolgan. Hozir ham odam ko‘p davralarga kirishga qo‘rqaman”, deydi jurnalist.

Bugun jurnalistika dunyo bo‘ylab hamon eng xavfli kasbligicha qolmoqda. UNESSO'ning o‘ldirilgan jurnalistlar observatoriyasi hisobotiga ko‘ra, 2006 yildan 2020 yilgacha dunyo bo‘ylab 1200 dan ortiq jurnalist o‘ldirilgan. Achinarlisi, bu qotilliklarning deyarli 10 tasidan 9 tasi sudda ochilmagan. Albatta, jurnalistlarga nisbatan zo‘ravonlikning bunday sikli qonun ustuvorligi va sud tizimi zaiflashganidan dalolat beradi.
 
Shveysariyaning “Press Emblem Sampaign” nodavlat tashkiloti  bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon 15 mamlakatda kamida 38 ommaviy axborot vositalari xodimi o‘ldirilgan

Qozog‘istondagi qonli yanvar voqealariga guvoh bo‘lgan jurnalist Alyona Miroshnicheno bilan intervyuni QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin


Maqola muallifi

Teglar

Qonli yanvar'

Baholaganlar

150

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing