Namoyishchilar Kanada va AQSHni bog‘lovchi ko‘prikni to‘sib qo‘ydi
Olam
−
08 fevral 2022
7628Kanadada koronavirus cheklovlariga qarshi chiqayotgan namoyishchilar Ontario provinsiyasidagi Uinsor shahrini AQSHning Detroyt (Michigan shtati) shahri bilan bog‘lovchi ko‘prikni to‘sib qo‘ydi. Bu haqda CBC telekanali xabar bergan.
Kecha, 7 fevral kuni kechqurun Kanada bayroqlarini ko‘targan namoyishchilar Kanadaning eng gavjum quruqlikdagi chegara o‘tish joylaridan biri va yirik yuk mashinalari yo‘nalishi bo‘lgan Ambassador ko‘prigiga yetib kelgan.
Xabar qilinishicha, Ontario politsiyasi haydovchilarni ko‘prik har ikki yo‘nalishda yopilganligi haqida ogohlantirgan va ularga muqobil yo‘llardan foydalanishni tavsiya qilgan. Shu bilan birga, Kanada chegara agentligi haydovchilarga ko‘prikdan uch kilometr uzoqlikda joylashgan tunneldan foydalanishni tavsiya qilgan.
Bugun, 8 fevral kuni ertalab Michigan Transport departamenti ko‘prik hali ham yopiqligi haqida xabar bergan.
“Detroytdagi Kanadaga qaratilgan ko‘prik yopiq”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, Kanadaning ko‘plab shaharlarida, shu jumladan poytaxtda koronavirus cheklovlariga qarshi keng ko‘lamli norozilik namoyishlari 29 yanvardan beri davom etmoqda. Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo xavfsizlik nuqtai nazaridan ushbu voqealar vaqtida qarorgohini o‘zgartirdi va kecha, 7 fevral kuni Ottava meri Jim Uotson norozilik namoyishlari munosabati bilan shaharda favqulodda holat e’lon qildi.
LiveBarchasi