Namangandagi tintuvlarda qidiruvda bo‘lgan 6 nafar shaxs ushlandi
3-sahifa
−
16:19 1164 1 daqiqa
Namangan viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 103 nafar shaxsdan noqonuniy buyum va ashyolar aniqlandi hamda 6 nafar qidiruvda bo‘lgan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Namangan IIB va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida jinoyat sodir etishga moyil shaxslarning yashash manzillarida tezkor tadbirlar o‘tkazilgan
Tekshiruvlar davomida 37 nafar shaxsning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari, yana 66 nafar shaxsda esa ma’muriy huquqbuzarlik belgilari aniqlangan. Holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Tadbirlarda 35 ta sovuq qurol, shuningdek, giyohvandlik vositalarini saqlash, sotish va yetishtirish bilan bog‘liq 19 ta holat fosh etilgan. Ashyoviy dalil sifatida 400 grammdan ortiq giyohvandlik moddasi va 11 tup giyohvandlik o‘simligi olingan. Bundan tashqari, 4 ta o‘qotar qurol, 2 ta pnevmatik qurol hamda noqonuniy valyuta saqlash bilan bog‘liq 1 ta holat aniqlangan.
Bildirilishicha, tezkor tadbirlar davomida avval ochilmay qolgan 15 ta jinoyat fosh etilgan. Qidiruvda bo‘lgan 6 nafar shaxs ushlangan, bedarak yo‘qolgan 2 nafar shaxs esa topilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida jinoyat sodir etishga moyil shaxslarning yashash manzillarida o‘tkazilgan tadbirlarda 16 kilogramm 23 gramm giyohvand moddalar aniqlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi