Namanganda tishi singan o‘quvchini pedagoglar urmagan bo‘lib chiqdi
3-sahifa
−
30 yanvar
6311
Avvalroq, Namangan viloyatining Namangan tumanidagi 30-maktabda o‘qiydigan o‘quvchini ustozlari urib, tishini sindirgani haqida videolar tarqalgan, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holatni o‘rganayotganini bildirgandi. O‘rganishlar natijasida pedagoglar o‘quvchini urmagani aniqlandi. Bu haqda boshqarma xabar berdi.
O‘rganishlar natijasida joriy yilning 28 yanvar kuni maktabdagi 11-sinf o‘quvchisining maktab hovlisida axloqsiz hamda nojo‘ya xatti-harakati yuzasidan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi tartibga chaqirgani, o‘quvchi pedagogga qo‘l ko‘tarmoqchi bo‘lgani va kirish eshigiga yuzi bilan urilgani aniqlangan.
Bildirilishicha, o‘quvchi maktab ichki nazoratiga olingan bo‘lib, u ko‘p dars qoldiruvchi tarbiyasi og‘ir o‘quvchi hisoblanadi. 2024 yil 4 mart kuni voyaga yetmagan o‘quvchi maktab hududida mushtlashib, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgani sababli uning onasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismiga asosan BHMning 1 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan. Yuqoridagi holat bo‘yicha hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning noyabr oyida Toshkentdagi maktabda o‘quvchining burni urib sindirilgandi.