Namanganda tez yordam mashinasi haydovchisi YTHda halok bo‘ldi
3-sahifa
−
27 noyabr 2023
7477Namanganda ichida ikki nafar haydovchi va feldsher bo‘lgan tez yordam mashinasi yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Oqibatda bir nafar haydovchi vafot etdi. Bu haqda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lum qildi.
Kecha, 26 noyabr kuni Chortoq tumani tez tibbiy yordam Alixon shoxobchasi haydovchisi N.A. tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sog‘lom holda ishga chiqarilgan. Tez tibbiy yordam sanitar mashinasining texnik holati soz bo‘lgan. Haydovchi N.A. navbatchilikni qabul qilganidan so‘ng, feldsher T.H. bilan birga dori-darmon olish uchun Alixon shoxobchasidan Chortoq tumani tez tibbiy yordam markaziga yo‘l olgan. Mashinaga yana bir haydovchi I.S. yo‘l-yo‘lakay markazga kelish uchun o‘z xohishi bilan chiqib olgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Pastki Qorabog‘ qishlog‘idan o‘tib kelayotgan vaqtda oldinda harakatlanib kelayotgan yo‘lovchi tashuvchi Damas avtomobili to‘satdan to‘xtab qolgan. Tez yordam haydovchisi esa yo‘l-transport hodisasining oldini olish maqsadida mashinani qarama-qarshi yo‘nalishga burganida ro‘paradan kelayotgan Cobalt bilan to‘qnashib ketgan.
Oqibatda tez yordam haydovchisi N.A. og‘ir tan jarohati olgan, yonida o‘tirib kelgan haydovchi sherigi I.S. bilan birgalikda Chortoq tuman tez tibbiy yordam shifoxonasiga olib borilgan. Shifoxonada N.A.ga shoshilinch yordam ko‘rsatilishiga qaramay, u vafot etgan. Yana bir haydovchi I.S. esa “Bosh miya yopiq shikasti, peshona sohasi shilinib-yirtilgan jarohati” bilan shifoxonaga yotqizilgan, hozirda uning holati qoniqarli. Feldsher T. H. hech qanday tan jarohati olmagan.
“Yuqorida holat yuzasidan shuni ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, sanitar mashina texnik holati soz bo‘lgani, bu baxtsiz tasodifiy yo‘l-trasport hodisasi ekanini ma’lum qilinadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida ISUZU rusumli yuk mashinasi svetoforda to‘xtab turgan Damas'ga borib urilishi oqibatida 4 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi