Namanganda tergovchi va advokat 40 ming dollar bilan qo‘lga tushdi (video)

3-sahifa

image

Namangan viloyatida fuqaroga qo‘zg‘atilgan jinoiy ishni tugatib yuborish evaziga 40 ming dollar talab qilgan tergovchi va advokat qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Namangan viloyati IIB Tergov boshqarmasi tergovchisi o‘zining ish yurituvida bo‘lgan, Chust tumanida yashovchi, 2006 yilda tug‘ilgan fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini uning foydasiga ijobiy hal qilib, tugatib yuborish evaziga ishga aloqador bo‘lmagan advokat orqali 40 ming AQSH dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Chust tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda advokatlar hay’ati advokati gumonlanuvchining otasidan 40 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, advokatdan 30 ming AQSH dollarini olgan vaqtida tergovchining noqonuniy harakatiga chek qo‘yilgan.

Bildirilishicha, hozirda tergovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan, advokatga esa Jinoyat kodeksining 212-moddasi (pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda davlat hisobidagi yerni tadbirkor nomiga o‘tkazib bermoqchi bo‘lgan tuman hokimiyati mansabdori va Farg‘onada 2,5 milliard so‘m kreditni 5 foiz ulush evaziga tanish tadbirkorga chiqarib bermoqchi bo‘lgan bank bo‘limi rahbari qo‘lga olingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

pora Davlat xavfsizlik xizmati tergovchi advokat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing