Namanganda tergovchi nomusga tegish jinoyatiga oid dalillarni soxtalashtirdi

3-sahifa

image

Namangan viloyatida nomusga tegish bo‘yicha jinoyat dalillarini yashirib, hujjatlarni qalbakilashtirgan tergovchi 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Hujjatda keltirilishicha, sudlanuvchi D.O. Davlatobod tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limida katta tergovchi lavozimida ishlab kelgan. U o‘z ish yurituvida bo‘lgan D.K. ning arizasi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazgan. D.K 2025 yilning 14 mart kuni tuman IIBga murojaat qilib, V.V. ismli shaxs tomonidan joriy yilning 13 mart kuni aviakassa binosida o‘ziga nisbatan zo‘rlik ishlatilib, majburiy jinsiy aloqa qilinganini bildirgan.

Tekshiruv davomida D.K. ning nomusiga tegilganiga oid jarohat va dalillar mavjudligi aniqlangan. Shuningdek, ushbu jarohatlar sud-tibbiy ko‘rikdan 1-2 sutka avval yetkazilgani hamda sog‘liqqa yengil tan jarohati sifatida baholanishi qayd etilgan.

Shunga qaramasdan, D.O. gumonlanuvchi shaxs nomidan tushuntirish xati tayyorlagan. Mazkur hujjatga D.K. gumonlanuvchi V.V. bilan jinsiy aloqani o‘z ixtiyori bilan qilgani haqida yolg‘on ma’lumotlar kiritilgan va imzolar qalbakilashtirilgan. Shu orqali D.O. nomusga tegish jinoyatini qasddan yashirib, V.V. harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmagan, degan asos bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida asossiz qaror qabul qilgan. 

Bundan tashqari, u mazkur qaror go‘yoki Davlatobod tumani prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqilgani hamda “IIB huzuridagi tergov bo‘limi katta tergovchisi kapitan D.O. ning 2025 yil 22 martdagi jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risidagi qarori to‘g‘ri deb hisoblanadi” mazmunidagi xulosa berilgani haqida soxta ma’lumotlarni qarorga kiritgan. Shuningdek, u 2025 yil 22 mart sanasi bilan rasmiylashtirilgan mazkur qarorga tuman prokurori o‘rinbosarining elektron imzosini noqonuniy ravishda qo‘ygan.

Hujjatda keltirilishicha, tezkor chora ko‘rilmagani oqibatida ochiqlikda qolgan V.V. 2025 yilning iyunida 2012 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan. Shuningdek, 2025 yil iyul oyida 21 yoshli ayolni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, uning  ham nomusiga tekkan. Ushbu jinoyatlardan so‘ng u qo‘lga olingan va 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi tomonidan D.O. hokimiyat vakolatidan chetga chiqish, mansab soxtakorligi va dalillarni qalbakilashtirishda aybdor deb topilgan. Unga 3 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Keyinroq viloyat sudi apellyatsiya bosqichida ayblovdan bir modda chiqarilgan va D.O. ning jazosi 3 yil-u 25 kun etib belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2010 yilda tug‘ilgan qiz bilan jinsiy aloqa qilgan Andijon viloyat IIB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi inspektori qamoqqa olingandi. Keyinroq, Surxondaryoda ham inspektor voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy aloqa qilgani aniqlandi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing